Navoiy viloyati Karmana tumanidagi Talqoq mahallasida 120 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi qurilishi to‘xtatildi. Obyekt “Yagona buyurtmachi xizmati” investitsiya kompaniyasi buyurtmasiga asosan qurilayotgan edi, deb xabar bermoqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.
Qurilishda nazorat inspeksiyasi xodimlari tekshiruvida binoning ikkinchi qavati “G” o‘qining uchinchi va to‘rtinchi qatorlaridagi g‘isht terish ishlari va beton o‘zaklar sifatsiz va loyiha talablariga asoslanmagan holda bajarilgani aniqlangan.
Inspektorlar qurilish ishlarini vaqtincha to‘xtatishga qaror qildi. Sifatsiz bajarilgan ishlar demontaj qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 19-oktabr kuni “Gazeta.uz” Samarqand davlat chet tillari instituti yotoqxonasi qurilish inspeksiyasi ro‘yxatidan o‘tkazilmay, o‘zboshimchalik bilan olib borilgani haqida yozgan edi. Qurilish me’yorlari va xavfsizlik qoidalari buzilgani, shuningdek, sifatsiz materiallardan foydalanilgani sababli ishlar to‘xtatilgan.
Shuningdek, 18-oktabr kuni Toshkentdagi agrar universitet hududida qurilayotgan yangi yotoqxona binosida loyihaga zid qurilish ishlari bajarilgani tufayli jarayon to‘xtatilgani haqida xabar berilgan.