Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 5-dekabr kuni kechqurun Mishel Barne hukumatiga bildirilgan ishonchsizlik votumi va iste’fosidan so‘ng xalqqa teleko‘rsatuv orqali murojaat qildi. U “yaqin kunlarda” yangi bosh vazir tayinlashga va’da berdi, deb xabar qildi Le Monde va Reuters.
Makron siyosiy inqiroz uchun javobgarlikni tan olishdan bosh tortdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘ta o‘ng va so‘l partiyalar hukumatni ag‘darish uchun “aksilrespublika fronti”ga birlashgan. “Ular tartibsizlikni tanladi, — deya qo‘shimcha qildi u. — Men boshqalarning mas’uliyatsizligini zimmamga olmayman”.
Makron, shuningdek, unga qarshilarning iste’foga chiqish chaqiriqlarini rad etdi va 2027-yilgacha o‘z lavozimida qolishini aytdi. “Siz menga bergan mandat besh yilga mo‘ljallangan va men uni oxirigacha bajaraman”, — dedi u.
Fransiya rahbarining ta’kidlashicha, yangi bosh vazirga “umumiy manfaatlarni aks ettirgan hukumatni shakllantirish topshiriladi”. Uning ustuvor yo‘nalishi 2025-yil uchun budjet to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish bo‘ladi.
Avvalroq Makron Barnening iste’fosini qabul qilgan, biroq sobiq bosh vazir va uning vazirlaridan “yangi hukumat tayinlangunga qadar joriy ishlar uchun javob berishni” davom ettirishni so‘ragandi.
- 4-dekabr kuni Fransiya Milliy majlisi (parlament quyi palatasi) 1962-yildan beri birinchi marta bosh vazir hukumatiga ishonchsizlik votumi uchun ovoz berdi. U o‘z lavozimida bor-yo‘g‘i uch oy ishladi.
- Ovozga ishonchsizlik votumi masalasini so‘l “Yangi xalq fronti” koalitsiyasi va o‘ta o‘ng “Milliy birlashuv” partiyasi olib chiqdi. Barnening parlament bilan kelishmasdan 2025-yil uchun ijtimoiy sug‘urta budjetini tasdiqlash qarori bunga sabab bo‘ldi. Buning uchun u Konstitutsiyaning 49.3-moddasini qo‘lladi, bu qonunni parlamentni chetlab o‘tishga imkon beradi, lekin hukumat ishonchsizlik votumiga bardosh bera olsagina.
- Makron 5-sentabr kuni 73 yoshli Barneni mamlakat bosh vaziri lavozimiga tayinlagandi. Bundan ikki oy oldin Fransiyada navbatdan tashqari parlament saylovlari bo‘lib o‘tgan. Ularda birinchi o‘rinni “Yangi xalq fronti” so‘l partiyalar koalitsiyasi egallagan, u Milliy majlisda 577 o‘rindan 82 o‘rinni olgan. Ikkinchi o‘rinni Makronning “Birgalikda” markazchilar koalitsiyasi egallagan. Marin Le Pen boshchiligidagi “Milliy birlashuv” boshchiligidagi o‘ta o‘ng partiyalar koalitsiyasi 143 ta o‘rinni qo‘lga kiritgan.