Prezident Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi 2,9 ming gektar maydonda “G‘elon” turistik-rekreatsion zonasini va xalqaro umummavsumiy kurortni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Unda ta’kidlanishicha, Qozon shahrida 2023-yil 4−6-oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan III hududlararo hamkorlik forumi doirasida Rossiya tomoni (“Kazanskiye kanatnыye dorogi” kompaniyasi va “Gordeyev” arxitektura byurosi) bilan dam olish maskani loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

2023-yil dekabr oyida Qashqadaryo hokimi Murotjon Azimov Rossiya tomoni bilan uchrashuvda loyiha detallarini muhokama qilgandi. Unda majmua 2,6 ming gektarda joylashishi, 8,6 km uzunlikdagi uchta dor yo‘l, uch va besh yulduzli mehmonxonalar va boshqa obyektlarni o‘z ichiga olishi ko‘zda tutilgandi.

2024−2030-yillar davomida uch bosqichda amalga oshiriladigan loyiha doirasida investordan qurilish davrida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni o‘z zimmasiga olgan holda dastlabki baholash bo‘yicha jami 300 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etiladi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi huzurida davlat muassasasi shaklida “G‘elon” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasi tuziladi va hududdagi yer uchastkalarini realizatsiya qilishdan va ijaraga berishdan kelib tushgan mablag‘lar ushbu direksiya hisobiga o‘tkaziladi.

Qarorda belgilanishicha, turistik zona faoliyat ko‘rsatish muddatini keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilga tashkil qilinadi. Tegishli tashkilotlar ikki oy muddatda hukumut qarori loyihasi tuzib, uni Vazirlar mahkamasiga kiritishi kerak.

2025-yil 1-iyunga qadar — turistik zonaning bosh rejasi va batafsil rejalari loyihalari ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

2025-yil 1-oktabrga qadar — direksiya tomonidan uni rivojlantirishni nazarda tutuvchi master reja ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Bundan tashqari, hududdagi yer uchastkalari, bino va inshootlar hamda daraxt va butalarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish, mavjud daraxt va butalarni muhofazaga olishga ikki oylik muddat belgilandi. Shundan so‘ng baholovchi tashkilotlar jalb qilinib, yer uchastkalari olib qo‘yilishidan avval mulkdorlarga kompensatsiya to‘lovlari to‘liq hajmda to‘lab berilishi kerak.

Bunda yer uchastkalari egalariga yetkazilgan zarar qonunchilikda belgilangan tartibda qoplab beriladi. Turistik zona hududida amalga oshiriladigan loyihalar uchun ajratiladigan yer uchastkalarida qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari o‘rnini qoplash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari loyiha tashabbuskorlari tomonidan qoplab beriladi.

Investitsiya loyihasi doirasida, shuningdek, umumiy uzunligi 33 km bo‘lgan Hisorak — G‘elon, Hisorak — Sarchashma avtomobil yo‘lini ikki tasmali qilib, Chiroqchi — Sho‘rquduq avtomobil yo‘lining 30 km qismini uchinchi toifadagi yo‘l darajasigacha yetkazish, Miraki — Hisorak avtomobil yo‘lini ikki tasmali qilib, uchinchi toifadagi yo‘l darajasigacha yetkazish zarur.

Turizm qo‘mitasi TIV bilan birgalikda 2025-yil 1-aprelga qadar turistik zona brendini yaratib, respublika hududida hamda xorijiy davlatlarda keng targ‘ib qilish choralarini ko‘radi.

Eslatib o‘tamiz, prezident 2024-yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda G‘elonda xorijiy investorlar tomonidan tog‘-chang‘i majmuasi qurilishi boshlangani, qishloqda kurort infratuzilmasini yaratish uchun 115 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilayotganini ta’kidlagandi. Qashqadaryo hokimi Murotjon Azimovga darhol ishga kirishish, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi rahbari Shuhrat Vafayevga esa viloyatga borib, loyihaga yordam berish topshirilgandi.