Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-dekabr kuni Bo‘stonliq tumaniga tashrifi chog‘ida “Ugam-1” kichik gidroelektr stansiyasini ko‘zdan kechirdi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Xabarda ta’kidlanishicha, GESlar umumiy tarmoqqa ulanmasdan har bir hudud va mahalla kesimida elektr bilan ta’minlay oladi. Olinadigan elektr tannarxi ham boshqa manbalarga nisbatan ancha arzon.

Shu bois so‘nggi yillarda 630 million dollarlik investitsiyalar hisobidan quvvati 400 megavattdan ortiq yangi GESlar qurilib, ularning umumiy quvvati 2,2 gigavattga yetkazildi.

Toshkent viloyatida umumiy quvvati 1 ming 330 megavatt bo‘lgan 25 ta gidroelektr stansiyasi mavjud. Bu respublikamizdagi jami gidroenergetika quvvatining 60 foiziga tengdir. Bugungi kunda qiymati 880 million dollar va quvvati 340 megavatt bo‘lgan yana 4 ta GES qurilmoqda. Shuningdek, 2028-yilgacha viloyatda umumiy quvvati qariyb 2 ming 400 megavatt bo‘lgan, 4 milliard 800 million dollarlik 23 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

“Ugam-1” kichik GESning quvvati 1,48 MVt bo‘lib, yiliga 11,8 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.

Loyihani amalga oshirish natijasida hududdagi Chorbog‘, Xumson va Ugam mahallalardagi 5 mingta xonadon hamda turizm va dam olish maskanlari uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlanadi. Yiliga qariyb 4 million metr kub gaz tejaladi.

Hozircha Ugam daryosida har biri yiliga 200 milliard so‘m daromad keltiruvchi ikkita kichik GES qurilgan. Qayd etilishicha, suv oqimidan takror-takror foydalanish orqali bunday stansiyalar sonini o‘ntagacha yetkazish mumkin. “Bu bilan nafaqat energetika masalasi hal bo‘ladi, balki hudud infratuzilmasi ham yaxshilanadi. Tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi korxonalari paydo bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

Prezidentga boshqa hududlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar haqida ham ma’lumot berildi.

Sohaga xorijiy investitsiya va xususiy sektorni jalb qilib, 2030-yilga qadar jami quvvatlarni 6 ming megavattga yetkazish belgilangan. Buning uchun huquqiy, iqtisodiy sharoitlar yaratilgan. Jumladan, mamlakat bo‘yicha ikki mingtagacha mikro va kichik GESlar qurish imkoniyati mavjud.