Toshkent viloyati ekologiya va ichki ishlar boshqarmalari hamkorlikda Chirchiq daryosida qum-shag‘al aralashmalarini noqonuniy qazib olish holatini aniqladi.
Daryoning Quyi Chirchiq tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismida ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Tadbir davomida davlat raqami yechib olingan yuklagich qum-shag‘al aralashmalarini yuk mashinasiga yuklayotgani ma’lum bo‘lgan.
Haydovchi inspektorlarga noruda materiallarni shu hududda joylashgan “M.G.F.” MCHJga qarashli tosh maydalash sexiga olib borib to‘kayotganini aytgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu holatda tabiatga 65 milliard 323 million 200 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Qazib olishda ishtirok etgan maxsus texnikalar jarima maydonchasiga vaqtincha joylashtirildi. Ushbu holatga huquqiy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar Toshkent viloyati prokuraturasiga yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 17-yanvardagi “Suv omborlarida metall bo‘lmagan materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan Chirchiq, Sirdaryo, Sanzor, Zarafshon, Norin daryolari o‘zanlarida metall bo‘lmagan materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy e’lon qilingan. Ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida 1-maydan boshlab bu Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari suviga ham amal qiladi. Moratoriy davrida ushbu faoliyat oqibatida tabiatga yetkazilgan zarar uchun undiriladigan summalar 10 barobar oshadi.
Avvalroq Bosh prokuratura Chirchiq daryosining qo‘riqlash zonasida 10 dan ortiq tadbirkor moratoriyga qaramay, noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olishda davom etayotgani haqida xabar bergandi. Qurilish materiallari zavodi ham ishlamoqda. BP kompaniyalarning litsenziyalari haligacha bekor qilinmaganini afsus bilan qayd etgan.
2022-yil iyul oyida Senat daryo va soylardagi qum va shag‘allarni qazish oqibatida suv resurslarining kamayishi masalasini ko‘rib chiqqandi. “Daryolarning egasi yo‘qdek, suvning egasi yo‘qdek… Daryo o‘zanlarini tozalash, daryo o‘zanlaridan foydali qazilmalar qazib olishga qat’iy cheklov o‘rnatish vaqti keldi, deb hisoblayman”, — degandi o‘shanda senator Risqul Siddiqov.
2023-yil iyun oyida ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov vazirlik qurilish maqsadlarida daryo o‘zanlaridan shag‘al va qum qazishni taqiqlash niyatida ekanini ma’lum qilgan edi. Buning uchun qum-shag‘al materiallarini qazib olishning yangi manbalarini ochish zarur, degan u.
2024-yil 1-may kuni prezident farmoni bilan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etilgandi.