Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda 1-dekabr kuni metropoliten ishga tushdi. “Gazeta.uz” muxbiri Shohruh Haydarov mazkur metro tizimidan foydalanib, fotoreportaj tayyorladi.
Umumiy qiymati 22,5 mlrd dollarga baholangan Ar-Riyod metrosining qurilishi 2014-yili boshlangan bo‘lib, dastlabki reja bo‘yicha u to‘rt yil ichida foydalanishga topshirilishi kerak edi. Ammo, turli sabablarga ko‘ra, uning ishga tushishi bir necha bor kechiktirilgan. U Saudiya Arabistonidagi ikkinchi (birinchisi — Makkadagi faqat Haj mavsumida ishlaydigan metro), Arab yarimorolidagi to‘rtinchi, arab dunyosidagi oltinchi va Yaqin Sharqdagi 15-metro tizimiga aylandi. Ayni vaqtda, u poyezdlari mashinistsiz (to‘liq avtomatlashtirilgan tarzda) harakatlanadigan dunyodagi eng uzun metro hisoblanadi.
Loyiha bo‘yicha, Ar-Riyod metrosi umumiy uzunligi 176 kilometr, jami bekatlari soni esa 85 ta bo‘lgan 6 yo‘nalish (liniya)dan iborat.
2024-yilning 1-dekabr kuni ularning uchtasi — ko‘k rangli va 24 bekatdan iborat Birinchi, sariq rangli va 9 bekatdan iborat To‘rtinchi hamda binafsha rangli va 9 bekatdan iborat Oltinchi liniyalar ishga tushdi. Ikkinchi (qizil) va Beshinchi (yashil) liniyalar 2024-yil 15-dekabrida, Uchinchi (to‘q sariq, orange) liniya esa 2025-yil 5-yanvarida ish boshlashi kutilyapti.
Har bir liniya uchun vagonlar turli kompaniyalar tomonidan yetkazib berilgan. Jumladan, Birinchi va Ikkinchi yo‘nalishlar uchun Germaniyaning Siemens kompaniyasi, Uchinchi yo‘nalish uchun Kanada-Germaniyaning Bombardier va Fransiyaning Alstom kompaniyalari, To‘rtinchi, Beshinchi va Oltinchi liniyalar uchun esa Alstom’ning bir o‘zi harakatlanuvchi tarkiblarni ishlab chiqargan. E’tiborga molik tomoni, vagonlar o‘zi harakatlanadigan yo‘nalishga mos rangda bo‘yalgan — binafsharang Oltinchi yo‘nalishda binafsharang poyezdlar, ko‘k rangli Birinchi liniyada esa ko‘k vagonlar harakatlanadi.
Yo‘lovchilar metro yo‘liga tushib ketmasligi uchun platformalarga maxsus to‘siqlar o‘rnatib chiqilgan. Metro vagonlari Family (oilaviy), Single (Yakka) va First (birinchi klass) toifalariga ajratilgan. Ular bir-biridan yo‘lovchi turi va chipta turiga qarab farqlanadi.
Single toifasidagi vagonlarga istalgan yo‘lovchi chiqishi mumkin. Family toifasidagi vagonlar esa faqat farzandlari bilan ketayotganlar uchun mo‘ljallangan (shuningdek, bunday toifa vagonlarning bir qismi xotin-qizlarga ajratiladi). Bu ikki toifadagi vagonlarga chiqish narxi bir xil — 2 soatlik chipta narxi 4 rial (taxminan 1,6 dollar), 3 kunlik chipta 20 rial (5 dollar), bir haftalik chipta 40 rial (10 dollar) va bir oylik chipta 140 rial. Xuddi shu chiptalar bilan Ar-Riyod avtobuslariga ham belgilangan vaqt davomida cheksiz marta chiqish mumkin.
First toifasidagi vagonlarga chiqish huquqini beruvchi chipta esa biroz qimmatroq — ikki soatlik chipta 20 rial bo‘lsa, uch kunligi 50, bir haftaligi 100 va bir oyligi 350 rial turadi. Buning evaziga yo‘lovchi juda qulay o‘rindiqlarda, oyog‘ini bemalol uzatib ketishi, eng oldi o‘rindiqda o‘tirib, o‘zini haydovchidek his qilishi mumkin; ayrim hollarda bunday chipta egalariga vagonlarga kirishda ustuvorlik ham beriladi.
First toifasi chiptalarini ham, boshqa toifa chiptalarini ham bekatlardagi kassalardan, chipta sotuvchi avtomatlardan, shuningdek, Darb mobil dasturi orqali sotib olish mumkin.
Ar-Riyod metrosining barcha bekatlari konditsionerlar yordamida salqinlatib turiladi, hammasida hojatxona, bepul ichimlik suv nuqtalari bor. Aksariyat platformalarga ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor shaxslarga moslab taktil plitalar yotqizilgan, ayrim ma’lumotnomalar va ogohlantirish belgilari Brayl alifbosida ham berilgan, harakatlanishga qiynaladigan shaxslar uchun aravachalar tayyorlab qo‘yilgan.
Ayrim bekatlarning tashqarisida avtoturargohlar bor (birinchi bir soati bepul, keyingi har bir soat uchun 2−3 dollar), bir qator bekatlarning ichida do‘kon va qahvaxonalarni ham uchratish mumkin. Ba’zi bekatlar bir necha (maksimum uch) qavatli — bir qavati yer ostida bo‘lsa, boshqasi yer ustida. Zinapoyalardan tashqari yo‘lovchilar qulayligi uchun eskalator va liftlar o‘rnatilgan.
Ar-Riyod metrosida sayr qilarkansiz, Saudiya Arabistoni poytaxtining ajoyib manzaralariga ham guvohi bo‘lasiz.
Durdona bekatlar: KAFD va boshqalar
Podshoh Abdulloh moliya markazida joylashgan KAFD (King Abdullah Financial District) bekati — Ar-Riyod metrosining haqiqiy durdonasi.
Dunyoga mashhur Zaha Hadid Architects me’morchilik byurosi tomonidan loyihalashtirilgan bekatga kirarkansiz, o‘zingizni transport tizimida emas, balki futuristik uslubda qurilgan zamonaviy san’at muzeyida yurgandek his etasiz.
Bekat bir necha qavatdan iborat bo‘lib, Ar-Riyod metrosining Birinchi yo‘nalishidan To‘rtinchi va Oltinchi yo‘nalishlariga (va aksincha) o‘tish bekati ham hisoblanadi. Unda turli savdo shoxobchalari ham bor.
Ar-Riyod metrosining boshqa o‘tish bekatlari ham KAFD singari ulkan, ularni ham loyihalashtirish va qurish taniqli arxitektura tashkilotlariga ishonib topshirilgan. Masalan, Birinchi va Beshinchi liniyalarni birlashtiradigan “Milliy muzey”, Birinchi va Ikkinchi yo‘nalishlarni tutashtiradigan “Olaya” (Germaniyaning Gerber Architekten byurosi loyihalashtirgan), Jidda yo‘lidagi avtovokzalga olib boruvchi “G‘arbiy” bekati (Saudiyaning Omrania & Associates kompaniyasi loyihalashtirgan), Birinchi va Uchinchi yo‘nalishlarni bog‘laydigan “Qasr al-Hukm” bekati (Norvegiyaning Snøhetta byurosi loyihalashtirgan) shular jumlasidan.
Ar-Riyod metrosi aholi soni va sayyohlar oqimi o‘sishi fonida tirbandlik bilan bog‘liq ahvolni yumshatishi, aholining xususiy avtotransportga bo‘lgan qaramligini kamaytirishi, yoqilg‘i sarfi va issiqxona gazlari chiqindilari qisqartirishi kutilmoqda. Poytaxt podshohlik komissiyasi (RCRC) ma’lumotlariga ko‘ra, metro shahardagi tirbandlikni 30 foizgacha kamaytirishi mumkin. Tizim to‘liq ishga tushgach, kuniga 3,6 mln yo‘lovchini tashishi taxmin qilinmoqda.
Ushbu material Ekologiya vazirligi hamda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi ko‘magida tayyorlandi.