Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili nomiga 2024-yil 10 oyida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganligi yuzasidan 158 ta shikoyat kelib tushdi. Bu haqda ombudsman matbuot xizmati xabar qildi.
Shikoyatlarning 14 tasi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar ombudsmanning murojaatiga asosan yuqori turuvchi prokurorlar tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilishi belgilangan. 52 tasi esa o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari hamda prokuratura organlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlariga ko‘ra o‘z tasdig‘ini topmagan. 62 ta shikoyat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.
Shuningdek, shikoyatlarni ko‘rib chiqish natijasida 10 nafar xodimga nisbatan intizomiy ta’sir chorasi qo‘llanilgan. 3 ta holatda xodimlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bundan tashqari, bu davr mobaynida ombudsman va jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 774 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirilgan. 2023-yilning 10 oyida ushbu ko‘rsatkich 468 tani tashkil etgan.
Monitoring tashriflarning 181 tasi jazoni ijro etish koloniyalari, 122 tasi tergov hibsxonalari, 128 tasi vaqtincha saqlash hibsxonalari, 59 tasi maxsus qabulxonalar, 39 tasi reabilitatsiya qilish markazlari, 56 tasi narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining filiallari, 52 tasi ruhiy-asab kasalliklari shifoxonalari, 46 tasi “Sahovat” va “Muruvvat” uylari, 91 tasi mastlik holatidagilarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari o‘tkazilgan.
Monitoring tashriflari davomida 9,5 mingga yaqin mahkum va mahbuslar bilan jamoaviy hamda 4321 ming nafar shaxs bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilgan.
Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari natijasida mutasaddi va tegishli vazirlik va idoralarga 16 ta talabnoma, 10 ta taqdimnoma, 13 ta xulosa va 3 ta tahliliy axborotlar kiritilgan.
Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra, 23-son mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxona negizida 50 o‘rinli ayollar bo‘linmasi ochildi. Avvallari bu yerda faqatgina erkak mahkumlar davolangan. Mazkur kasalxona terapiya, nevrologiya, jarrohlik, stomatologiya, diagnostika, sil kasalliklari kabi 20 ta bo‘limga va 2 ta laboratoriyaga ega, shuningdek u yerda murakkab jarrohlik amaliyotlari ham o‘tkaziladi.
Ombudsman tomonidan kiritilgan ta’sir choralarini ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanidagi eskirgan, bemorlarni saqlash va davolashda antisanitar holatga kelgan Narkologiya dispanseri Nukus tumanida joylashgan bo‘sh binoga ko‘chirildi va bemorlarga qulay sharoitlar yaratilgan. Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Surxondaryo filialidagi oshxona to‘liq ta’mirlangan.
Ombudsman tavsiyasi asosida Sirdaryo viloyati Yangiyer shahar IIB vaqtincha saqlash hibsxonasiga ventilyatsiya tizimi o‘rnatilib, kameralardagi sharoitlar yaxshilangan hamda cho‘milish xonalari tashkil etildi. Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani IIB VSHda ham mahbuslar uchun tintuv qilish, cho‘milish xonalari hamda sayrgoh tashkil etildi va kameralar barcha kerakli jihozlar bilan ta’minlandi.
Shu bilan birga mas’ul idoralar tomonidan Jizzax shahar vaqtincha saqlash hibsxonasi hamda Do‘stlik tumanidagi vaqtincha saqlash hibsxonasi kapital, Samarqand viloyatidagi vaqtincha saqlash hibsxonalari joriy ta’mirlandi. Buxorodagi 4-son tergov hibsxonasida xo‘jalik ishlariga jalb qilingan mahkumlar uchun yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv xonalari qurildi.
Buxorodagi 17-son Jazoni ijro etish koloniyasining 12-binosida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi va mahkumlar saqlanadigan kameralardagi sharoitlar yaxshilandi.
Respublika kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasini zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlanmagani, davolanuvchilarga kiyim-kechak va boshqa kerakli jihozlar ajratilmagani va boshqa aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Ombudsman tavsiyasiga asosan reja ishlab chiqilib, ijrosi ta’minlanmoqda.
Monitoring tashriflarida aniqlangan kamchiliklarni bo‘yicha harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarda ishlovchi 56 nafar xodimga xayfsan berildi, 2 nafar xodim jarimaga tortildi, 3 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili va “Hunarmand” uyushmasining Namangan viloyati boshqarmasi bilan birgalikda viloyatdagi jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlar kasb-hunarga o‘rgatilmoqda. 2024-yilning 10 oyligida 180 nafardan ortiq mahkumlar kasbga o‘rgatilib, ularga sertifikatlar berildi.