Ruminiya Konstitutsiyaviy sudi 24-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovining birinchi turi natijalarini bekor qildi, deyiladi sudning 6-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlis yakunlari bo‘yicha bayonotida.

Sud bu qarorni “saylov jarayonining to‘g‘riligi va qonuniyligini ta’minlash maqsadida” qabul qilganini tushuntirdi. Saylov jarayoni “to‘liq hajmda qayta tiklanadi”. Yangi saylov sanasini hukumat belgilashi kerak. Bu qachon amalga oshirilishi sud xabarida aniqlashtirilmagan.

Ruminiyadagi prezidentlik saylovlarining birinchi turiida ilgari “Ruminiyaliklarni birlashtirish uchun alyans”ning a’zosi bo‘lgan mustaqil nomzod Kelin Jeorjesku g‘alaba qozongan. Saylov byulletenlarini sanash natijalariga ko‘ra, u 23 foiz ovoz olgan. Ikkinchi o‘rinni o‘ng markazchi “Ruminiyani qutqarish ittifoqi” partiyasi yetakchisi Yelena Laskoni egalladi, u 19% dan sal ko‘proq ovoz to‘pladi.

Shundan so‘ng Ruminiya maxsus xizmatlari Jeorjeskuning saylovoldi tashviqoti bilan bog‘liq hujjatlarni oshkor qildi, unda Ruminiya “Rossiyaning tajovuzkor harakatlari” obyektiga aylangani haqida so‘z boradi. Hujjatda, shuningdek, TikTok`dagi 25 ming bot-akkunt Jeorjesku foydasiga tashviqot olib borgan bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Associated Press nashrining yozishicha, Rossiya Jeorjeskuni targ‘ib qilish uchun “TikTok va Telegram kabi platformalarda minglab ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarni o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli kampaniyani” o‘tkazgan. Jeorjeskuning o‘zi Rossiya bilan aloqani inkor etmoqda. Jeorjesku va Laskoni ishtirok etgan ikkinchi tur 8-dekabr kuni bo‘lib o‘tishi kerak edi.

U Yevropa Ittifoqi, NATO va AQShning Ukrainaga harbiy yordamini tanqid qilardi, uning o‘zi esa Rossiya bilan yaxshi aloqada ekani uchun tanqidga qolgan, deb yozadi BBC rus xizmati.

“Ruminiya davlati demokratiyani oyoqosti qildi”, — dedi Laskoni birinchi tur natijalari bekor qilinganidan so‘ng.

Yelena Laskoni.Foto: inquam photosYelena Laskoni.
Foto: inquam photos

“Bilaman, men g‘alaba qozongan bo‘lardim va g‘alaba qozonaman, chunki rumin xalqi ular uchun kurashishimni, porloq Ruminiya uchun birlashtirishimni biladi. Bugun sodir bo‘lgan voqealarni qattiq qoralayman. Ular so‘nggi 35 yil ichida katta qiyinchilik bilan erishilgan hamma narsani barbod qildi. Sud qarori noqonuniydir va demokratiyaning mohiyati — ovoz berishni parchalaydi… Men Putin siyosiy hokimiyat saylovlarni qanday o‘tkazgani ustidan kulayotganini bilaman”, — dedi nomzod.

Ruminiya prezidenti — davlat rahbari va mamlakat qurolli kuchlarining bosh qo‘mondoni. U 5 yil muddatga saylanadi va milliy xavfsizlik hamda tashqi siyosat masalalarida katta vakolatlarga ega.