Janubiy Koreyada hukmron “Xalq kuchi” partiyasi yetakchisi Xan Don Xun prezident Yun Sok Yolning vakolatlarini muddatidan oldin to‘xtatib qo‘yishga chaqirdi, deb xabar bermoqda Yonhap.

U bunday bayonotni “yangi ochilgan faktlar”ga asoslanib berdi. Bungacha siyosatchi muxolifatning prezidentga impichment e’lon qilish niyatiga to‘sqinlik qilishini aytgandi. Davlat rahbari ham “Xalq kuchi”ning a’zosi hisoblanadi.

“Yangi ochilgan holatlarni hisobga olib, Koreya Respublikasi va uning fuqarolari manfaati uchun prezidentning o‘z vazifalarini bajarishini to‘xtatish zarur, deb hisoblayman”, — dedi Xan parlamentdagi partiya rahbariyati yig‘ilishida.

Xanning so‘zlariga ko‘ra, prezident harbiy holat e’lon qilgach, maxsus xizmatlarga hukmron va muxolifat partiyalarining taniqli vakillarini hibsga olishni buyurgani haqidagi ma’lumotlar tasdiqlangan. U ularni “davlatga qarshi kuchlar” ekanlikda ayblagan.

Xan agar Yun prezident lavozimida ishlashda davom etsa, bunday “radikal harakatlar” takrorlanishi mumkinligidan xavotir bildirdi.

Yonhap’ning ta’kidlashicha, shu yo‘l bilan Xan muxolifatning prezidentga impichment e’lon qilish taklifini qo‘llab-quvvatlashiga shama qilgan bo‘lishi mumkin. Bu masala bo‘yicha ovoz berish parlamentning 7-dekabrdagi yig‘ilishida bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi juma kuni harbiy holat choralarini amalga oshirishda ishtirok etgan uch qo‘mondonni lavozimidan chetlatganini ma’lum qildi.

  • 3-dekabr kuni kechqurun prezident Yun Sok Yol Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilgandi. U buni konstitutsiyaviy tartibni “kommunistik kuchlar”dan himoya qilish zarurati bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bunday chorani mamlakatni inqirozga olib kirishga urinayotgan muxolifat harakatlari tufayli qo‘llagan.
  • Parlament deputatlari prezident qaroriga qarshi chiqib, uni bekor qilish uchun ovoz berdi, shundan so‘ng prezident o‘z farmonini qaytarib olishga rozi bo‘ldi.
  • 4-dekabr kuni muxolifatdagi partiyalar parlamentga Yun Sok Yol impichmenti bo‘yicha taklif kiritdi. Prezident impichmenti uchun parlament deputatlarining 2/3 qismi (jami 300 o‘rin) ovoz berishi kerak.
  • Bir kun avval Janubiy Koreya politsiyasi Yun Sok Yolni davlatga xiyonatda gumon qilib, tergov boshlagani ma’lum bo‘ldi.