Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov 3-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan seminarda qishda ko‘chalarni qor va muzdan tozalash uchun mo‘ljallangan maxsus texnikalar bilan tanishdi, debxabar qildi shahar hokimligi matbuot xizmati.

Yashnobod tumanida o‘tkazilgan tadbirda qator vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.

Tadbir o‘tkaziladigan joyga shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari, shuningdek, FVV maxsus texnikalari olib kelindi va ularning imkoniyatlari namoyish etildi.

Tayyor holatga keltirilgan texnikalarning umumiy soni 305 tani tashkil etdi, ularning har biri ishni samarali muvofiqlashtirish uchun GPS tizimi bilan jihozlangan.

Poytaxt hokimligining “Gazeta.uz"ga aniqlik kiritishicha, texnika parki quyidagilardan iborat:

  • 80 ta qor tozalovchi;
  • 12 ta avtoko‘targich;
  • 93 ta avtosamosval;
  • 10 ta qor kurash moslamali mini traktor;
  • 12 ta kor kurash moslamali samosval;
  • 24 ta qum-tuz sepuvchi;
  • bir nechta ekskavator, kanal yuvish va assenizatsiya uskunalari, manipulyatorlar va vakuumli supuruvchi mashinalar.

energiya resurslarini tejash, kuz-qish mavsumi, shavkat umurzoqov, toshkent

“Tayyorgarlik doirasida barcha mashinalar puxta texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, zamonaviy qismlar bilan jihozlandi hamda kelgusi qish sharoitiga to‘liq tayyorgarlik ko‘rish uchun zarur choralar ko‘rildi. E’tiborga molik jihati shundaki, bu yil yo‘llarga qum-tuz aralashmasini sepishni qisman avtomatlashtirish yo‘lga qo‘yildi, ilgari bu jarayon to‘liq qo‘lda bajarilgan edi”, — deyiladi xabarda.

4-dekabr kuni ham Prezident administratsiyasi va Bosh prokuratura tashabbusi bilan Toshkent shahrida qish mavsumini betalofat o‘tkazish, energiya resurslarini iqtisod qilish hamda talon-toroj qilish holatlarini oldini olish va boshqa dolzarb masalalarga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazilgandi.

Seminarda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar va Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari, “O‘zenergoinspeksiya”, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Hududgazta'minot” korxonalari hamda ularning hududiy, tuman bo‘linmalari, boshqaruv servis kompaniyalari qatnashgan.

energiya resurslarini tejash, kuz-qish mavsumi, shavkat umurzoqov, toshkent

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash instituti professori Abdusaid Isakov seminar ishtirokchilariga poytaxtda energiya resurslarini tejash va yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha ilmiy asoslangan tadqiqotlar va takliflar bilan tanishtirgan.

Seminar yakunida mas’ul vazirlik va idoralarga energiya resurslaridan asossiz foydalanishning oldini olish, iste’molchilar o‘rtasida profilaktika targ‘ibotini kuchaytirish, energiya isrofgarchiligining oldini olish choralarini ko‘rish yuzasidan tegishli topshiriqlar berilgan.

Avvalroq Toshkentda elektr energiyasi behuda sarflanishiga qarshi reydlar amalga oshirilayotgani haqida xabar bergan edik. Prokurorlar tadbirkorlarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzib, ularni jarima va elektr tarmog‘idan uzish ehtimolidan ogohlantirmoqda.