Shavkat Mirziyoyev 4-dekabr kuni “Jamoaviy sport turlarini rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Hujjat jamoaviy sport turlariga yoshlarni keng jalb qilish va iqtidorli sportchilarni saralab olish (seleksiya) hamda yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida qabul qilingan.
Quyidagilar jamoaviy sport turlarini (voleybol, basketbol, gandbol, regbi, chim ustida xokkey, suv polosi) rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
- yoshlarning jamoaviy sport turlariga qiziqishini oshirish, ularning jamoaviy sport turi bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, sport musobaqalarini tizimli o‘tkazib borishni yo‘lga qo‘yish;
- terma jamoalar va professional sport klublari uchun sport zaxirasini yaratish, iqtidorli yosh sportchilarni aniqlash, tanlash va saralab olish (seleksiya)ning raqamlashtirilgan tizimini joriy qilish;
- trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish;
- jamoaviy sport turlarini rivojlantirish maqsadida chet ellik mutaxassislarni jalb etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish.
Qarorga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yilidan barcha davlat universitetlarida voleybol, basketbol, gandbol, regbi, chim ustida xokkey, suv polosi jamoaviy sport turlari bo‘yicha, boshqa davlat oliy ta’lim muassasalarida kamida 3 ta jamoaviy sport turlari bo‘yicha sport klublari tashkil etiladi.
Sport klubi raisi etib oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) tayinlanadi, sport klubi menejeri lavozimi esa oliy ta’lim muassasasi kafedra mudiri lavozimiga tenglashtiriladi. Oliy ta’lim muassasalariga o‘z sport klublarini tegishli sport bazalariga beg‘araz asosda joylashtirish huquqi beriladi.
2025/2026 o‘quv yilidan jamoaviy sport turlari bo‘yicha quyidagi sport musobaqalarini o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yiladi:
- “Maktab ligasi”;
- “Talabalar ligasi” va “Oliy ta’lim kubogi”;
- “Rektor kubogi”.
Vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari, davlat ishtirokidagi tijorat banklari va korxonalarda kamida 3 ta jamoaviy sport turlari bo‘yicha sport klublari tashkil qilinadi.
Bunda jamoaviy sport turlari bo‘yicha idoraviy tashkilotlar kesimida “Rahbar kubogi”, mahalliy hokimliklar kesimida “Hokim kubogi” musobaqalari o‘tkazib boriladi.
2025−2027-yillarda “ERP-sport” yagona elektron boshqaruv tizimida iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralab olish (seleksiya) bo‘yicha texnik imkoniyatlar yaratiladi. Bunda:
- har bir jamoaviy sport turi bo‘yicha alohida mezonlar ishlab chiqiladi;
- sportchilarning joriy jismoniy holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “ERP-sport” yagona elektron boshqaruv tizimiga yuklab borish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi;
- sun’iy intellektdan foydalangan holda to‘plangan ma’lumotlarni tahlil qilish hamda sportchilarning jismoniy holati va imkoniyatlarini baholash tizimi joriy etiladi;
- jamoaviy sport turlari bo‘yicha iqtidorli sportchi yoshlarni aniqlash, tanlash va saralab olish (seleksiya) jarayoni to‘liq raqamlashtiriladi;
- iqtidorli sportchi yoshlarni aniqlash, tanlash va saralab olish bo‘yicha (seleksiya) texnik imkoniyatlar yaratish bilan bog‘liq xarajatlar Sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Hujjat bilan Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va sport federatsiyalari (uyushmalari)ning MOQ va olimpiya sport turlari bo‘yicha sport federatsiyalari o‘rtasida o‘zaro majburiyatlar kelishuvini tuzish tizimini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilgan.
Sport vazirligi tomonidan ushbu qaror va “yo‘l xaritasi”da ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi bo‘yicha har yarim yilda bir marotaba Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritiladi va bosh vazir huzurida muhokama qilib boriladi.