Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Anvar Alimov Respublika endokrinologiya markazi direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Anvar Alimov 1978-yilda hozirgi Toshkent pediatriya tibbiyot institutini tamomlagan. Turli yillarda Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida dekan, prezident devonida konsultant, yetakchi konsultant, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori, Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari, Sog‘liqni saqlash vaziri, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori kabi mas’ul lavozimlarda ishlagan. U O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi, tibbiyot fanlari doktori, professor hisoblanadi.

Poytaxt sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasiga esa Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan Botirbek Isabekov rahbar etib tayinlandi. Tayinlovgacha boshqarmaning rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlardi.

Botirbek Isabekov 2001-yili Ikkinchi Toshkent davlat tibbiyot institutining bakalavriat, 2003-yili Birinchi Toshkent davlat tibbiyot institutining ordinatura bosqichlarini tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida Uchtepa tumanidagi 30-son oilaviy poliklinika hamda ushbu tuman tibbiyot birlashmasida bosh shifokor muovini, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, boshlig‘i kabi mas’ul lavozimlarda ishlagan.