Buxoro viloyatining Muhandislik institutida 4-bosqichda o‘qiydigan 23 yoshli talaba qiz oliygoh yotoqxonasida uksus ichib, o‘z joniga qasd qildi. Bu ma’lumotni Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov tasdiqladi.
Ma’lum bo‘lishicha, 4-dekabr kuni viloyat shoshilinch tibbiy yordam markazi shifokori ichki ishlar organlariga qo‘ng‘iroq qilib, qiz uksus ichishi oqibatida ahvoli yomonlashgani haqida murojaat qilganini aytgan.
Bemor qiz ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, o‘sha kuni yarim tunda kasalxonada vafot etgan.
Mazkur holat bo‘yicha Buxoro shahar prokuraturasi surishtiruv o‘tkazmoqda. Voqeaga nima sabab bo‘lgani haqida ma’lumotlar yo‘q.