Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an Suriyadagi “Hayyat Tahrir ash-Shom” boshchiligidagi guruhlar Bashar Asad hukumati kuchlariga qarshi hujum olib borayotganiga izoh berdi. Bu haqda Anadolu va CNN Turk yozmoqda.

U qo‘zg‘olonchilar Idlib, Halab va Hama shaharlarini egallab olgan harbiy operatsiyani “muxolifat marshi” deb ta’rifladi.

“Idlib, Hama, Homs va, albatta, maqsad Damashq. Muxolifatning yurishi davom etmoqda. Umid qilamizki, Suriyadagi ushbu yurish muammolarsiz davom etadi”, — dedi Erdog‘an. Turkiya yetakchisi, shuningdek, Suriya prezidenti Bashar Asadga vaziyatni tartibga solish taklifi bilan murojaat qilganini, ammo “ijobiy javob” olmaganini qo‘shimcha qildi.

“Biz Asadga qo‘ng‘iroq qildik. „Kelinglar, Suriyaning kelajagini birgalikda aniqlaymiz“, dedik. Afsuski, biz bu masala bo‘yicha ijobiy javob ololmadik”, — dedi u.

Suriya prezidenti Bashar Asad hukumati qo‘shinlariga qarshi kurashayotgan isyonchilar 27-noyabr kuni mamlakat shimoliga hujum boshlagandi. Oradan uch kun o‘tgach, ular Halabni egallab olgani ma’lum bo‘ldi. 5-dekabr kuni isyonchilar hukumat qo‘shinlarini siqib chiqarib, Hamaga kirdi.

Bu so‘nggi to‘rt yil ichidagi — 2020-yilda Asad qo‘shinlari va qo‘zg‘olonchi guruhlar Rossiya va Turkiya vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida bitim tuzganidan beri — mintaqadagi birinchi yirik harbiy mojaro. 2011-yildan beri davom etayotgan Suriyadagi fuqarolar urushida Rossiya Bashar Asadni, Turkiya esa mamlakat shimoli-g‘arbidagi Idlib viloyatini nazorat qiluvchi muxolifat guruhlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Suriyadagi vaziyat

Bir kun avval Suriya armiyasi yana bir yirik shahar Hamani tark etdi, bu hududni ham “Hayyat Tahrir ash-Shom” guruhi boshchiligidagilar egallab oldi.

Juma kuni isyonchilar yaqinlashayotgani haqidagi xabarlar fonida o‘n minglab odamlar mamlakatning uchinchi yirik shahri Homsni tark etayotgani ma’lum bo‘ldi. Videoyozuvlarda yo‘llar avtomobillar bilan to‘lib ketganini ko‘rish mumkin. Isyonchilarning Homsdan keyingi manzili Damashq bo‘ladi.

Hozirda Damashq markazida vaziyat barqaror, hech qanday to‘qnashuv va portlashlar yo‘q, deb yozdi RIA Novosti. Avvalroq tarmoqlarda Suriya poytaxti markazidagi maydon uzra tutun ko‘tarilgani va SAR qurolli kuchlari bosh shtabi hududida portlash sodir bo‘lgani aks etgan videolar paydo bo‘lgandi.

Damashqda vaziyat mutlaqo tinch, maydonda portlash oqibatlari ko‘rinmaydi, qurolli to‘qnashuvlar alomatlari yo‘q, deb yozdi nashr.

“Gazeta.uz” avvalroq Suriyada nimalar bo‘layotgani haqida Meduza tayyorlagan materialning tarjimasini havola etgandi.