Turkmaniston O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmini oshiradi. Bu bo‘yicha O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov o‘rtasida telefon orqali muloqotda kelishuvga erishildi deya xabar bermoqda “Turkmenistan bu gun” davlat axborot agentligi.
Berdimuhamedov va Mirziyoyev turkman tabiiy gazini O‘zbekistonga yetkazib berish hajmini oshirishga kelishib oldi, shuningdek, yaqin kelajakda amalga oshirilishi rejalashtirilgan qo‘shma gaz loyihalarining katta istiqboli mavjudligi qayd etildi, deyiladi xabarda.
O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabarida gaz yetkazib berilishi masalasi bo‘yicha ma’lumot berilmagan, biroq yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1 mlrd dollardan oshgani (uning asosiy ulushi gaz yetkazib berish hisobiga to‘g‘ri keladi) ta’kidlangan.
Bundan tashqari, Turkmanboshi porti orqali yuk tashish hajmi ortib borayotgani, “Shovot — Toshovuz” chegara zonasi qurilishi davom etayotgani xabar qilingan.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston yetakchisini mamlakatda 12-dekabr kuni nishonlanadigan betaraflik kuni bilan tabrikladi.
Oktabr oyi oxirida Turkmaniston va Rossiya kompaniyalari Turkmaniston gazini yetkazib berish bo‘yicha shartnomani yangilamagani ma’lum bo‘ldi. Bunga tomonlar narx masalasida kelisholmagani sabab bo‘lgan. O‘shanda “Turkmangaz” boshqaruvi raisi Maqsad Babayev Turkmanistonda bo‘shagan eksport hajmi uchun xaridorlar mavjudligini ta’kidlagandi.
2022-yil dekabr oyida O‘zbekiston ilk bor uchinchi tomon (Rossiya “Gazprom”i) ishtirokisiz Turkmaniston bilan 1,5 mlrd kub metr gaz yetkazib berish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri qisqa muddatli shartnoma imzolagandi. 2023-yilning avgust oyida O‘zbekiston Turkmaniston bilan yiliga 2 mlrd kub metrgacha turkman gazini yetkazib berish yuzasidan yana shartnoma tuzdi. Tomonlar, shuningdek, uzoqroq muddatli va yetkazib berish hajmini ko‘paytirishni nazarda tutuvchi uzoq muddatli shartnomani ham ishlab chiqqandi.
Eslatib o‘tamiz, yil boshidan buyon O‘zbekistonga 1 mlrd 360 mln dollarlik gaz import qilingan. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu 2023-yilning 10 oyidagi ko‘rsatkichdan 2,4 barobar ko‘p.
2023-yil oktabr oyidan boshlab O‘zbekiston Qozog‘iston hududi orqali teskari yo‘nalishda Rossiyadan gaz import qilmoqda. Avvalroq mamlakatda Rossiyadan gaz importi hajmini oshirish uchun magistral gaz tizimi modernizatsiyasiga 500 mln dollar sarmoya kiritish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.