Janubiy Koreya parlamenti prezidentga nisbatan impichment masalasida ovoz berishda yetarlicha ovozni to‘play olmadi, deb yozmoqda Reuters.

Impichment e’lon qilinishi uchun 300 deputatdan 200 nafari uni qo‘llab-quvvatlashi kerak edi. Biroq hukmron “Xalq kuchi” partiyasidan 108 deputatdan 105 nafari majlislar zalidan chiqib ketib, ovoz berishdan bosh tortdi.

O‘z navbatida, muxolifat vakillari mamlakatda harbiy holat e’lon qilgani uchun Yun Sok Yolni javobgarlikka tortishga urinishlarini to‘xtatmasligini ma’lum qildi.

Majlis davomida parlament oldida prezidentga impichment e’lon qilish va uni hibsga olishni talab qilgan bir necha ming namoyishchi to‘plangan. Ular, BBC rus xizmati yozganidek, majlisni tark etayotgan hukmron partiyaning deputatlarini g‘azabnok qichqiriqlar bilan kuzatib qo‘ydi.

Muxolifat Yun Sok Yolni impichment bo‘yicha ovoz berishdan oldin iste’foga chiqishga chaqirdi, ammo Janubiy Koreya prezidenti buni rad etdi. 7-dekabr kuni u millatga murojaat qilib, harbiy holat joriy etish qarori uchun mamlakat aholisidan uzr so‘rab, “chin ko‘ngildan pushaymonligini” aytdi.

Mamlakatda 1989-yildan beri birinchi marta harbiy holat e’lon qilingandi.

  • 3-dekabr kuni kechqurun prezident Yun Sok Yol Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilgandi. U buni konstitutsiyaviy tartibni “kommunistik kuchlar”dan himoya qilish zarurati bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bunday chorani mamlakatni inqirozga olib kirishga urinayotgan muxolifat harakatlari tufayli qo‘llagan.
  • Parlament deputatlari prezident qaroriga qarshi chiqib, uni bekor qilish uchun ovoz berdi, shundan so‘ng prezident o‘z farmonini qaytarib olishga rozi bo‘ldi.
  • 4-dekabr kuni muxolifatdagi partiyalar parlamentga Yun Sok Yol impichmenti bo‘yicha taklif kiritdi. Prezident impichmenti uchun parlament deputatlarining 2/3 qismi (jami 300 o‘rin) ovoz berishi kerak.
  • Shuningdek, Janubiy Koreya politsiyasi Yun Sok Yolni davlatga xiyonatda gumon qilib, tergov boshlagani ma’lum bo‘ldi.