4-dekabr kuni “Qishloq xo‘jaligi hamda veterinariya va chorvachilik sohalari kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-420-son] qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, quyidagilar tashkil etiladi:

  • Qishloq xo‘jaligi sohasi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti;
  • Veterinariya va chorvachilik sohasida pedagog hamda mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti;
  • Ularda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga qat’iy hisobda turadigan davlat namunasidagi hujjat hisoblanadigan sertifikat beriladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati, tizim tashkilotlari, hududiy tarkibiy bo‘linmalar xodimlari va uning tizimidagi tashkilotlar rahbar va mutaxassis kadrlari har uch yilda kamida bir marta malaka oshirish kurslarida o‘qitilishi shart.

2025-yil 1-yanvargacha ularga nufuzli xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarini bitirgan vatandoshlar va chet ellik mutaxassislar jalb qilinadi.

Shuningdek, “El-yurt umidi” jamg‘armasi institutlarning mahalliy professor-o‘qituvchilarini jamg‘arma mablag‘lari hisobidan xorijiy yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga malaka oshirish, stajirovka va o‘qishga yuborish choralarini ko‘radi.