Toshkent shahrida 1-yanvardan avtobus salonlarida yo‘l haqini naqd pulda to‘lash taqiqlanadi.
“Toshshaxartransxizmat”ning xabar qilishicha, naqd pul orqali avtobuslarda yo‘l haqini to‘lovchilar bekatlarda va ular yaqinida o‘rnatilgan barcha to‘lov qurilmalari, ya’ni Paynet, MultiPay va Oson infokiosklari orqali bir martalik chipta xarid qilishi mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda avtobuslarda yo‘l haqi uchun naqd to‘lov 2000 so‘mdan 3000 so‘mgacha oshiriladi. Naqdsiz to‘lovda narx o‘zgarmay, 1700 so‘m bo‘lib qoladi.
Ayni paytda shahar jamoat transportida bir nechta naqd pulsiz to‘lov usullari mavjud:
- ATTO transport va virtual kartalari;
- ATTO mobil ilovasi bilan NFC orqali;
- QR-koddan foydalangan holda Click, UzumPay, MyUzcard, Alif ilovalari;
- Uzcard, Humo, MasterCard, Visa, UnionPay kontaktsiz bank kartalari orqali.
“Bundan ko‘zlangan maqsad — yo‘l haqi to‘lovida shaffoflikni ta’minlash, haydovchining naqd pul qabul qilishdagi vaqtini, oraliq bekatlarda yo‘lovchilarning avtobusga chiqish va tushish vaqtini tejash hamda harakat xavfsizligini oshirishdir. Zero haydovchi naqd pul orqali to‘lovni qabul qilish uchun sarflaydigan vaqti qancha kam bo‘lsa, avtobus shuncha tezroq yo‘nalishida harakatini davom ettiradi. Shuningdek, eng asosiy va muhim maqsad esa — haydovchining moliyaviy bog‘liqligini kamaytirgan holda bor e’tiborini xavfsiz boshqaruvga yo‘naltirishdan iborat”, — deyilgandi “Toshshaxartransxizmat” xabarida.