Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol ushbu hafta boshida harbiy holat joriy etish to‘g‘risidagi qarori uchun uzr so‘radi va televideniye orqali xalqqa murojaat chog‘ida ta’zim qildi. Bu haqda Yonhap yozmoqda.
“Bu qaror dilxunlikdan qabul qilingan”, — dedi u. Prezident unga qarshi bo‘lga ba’zilar xavotirga tushganidek, ikkinchi marta harbiy holat e’lon qilmasligini qo‘shimcha qildi.
Yun Sok Yol “lavozimida qolish masalasini” o‘z partiyasi ixtiyoriga qoldirishini ta’kidladi.
Millatga murojaat qilish Yun Sok Yolning birinchi marta harbiy holat e’lon qilganidan keyin va parlament uning farmoniga qarshi ovoz bergani uchun mamlakatda harbiy holatni bekor qilganidan beri birinchi ommaviy chiqishi bo‘ldi. Shundan so‘ng mamlakat parlamentida ko‘pchilikni tashkil etgan muxolifatdan saylangan deputatlar prezidentga impichment to‘g‘risidagi qonun loyihasini kiritdi va Janubiy Koreya politsiyasi unga qarshi tergov boshladi.
Yun Sok Yolning millatga murojaatidan so‘ng prezidentning “Xalq kuchi” partiyasi yetakchisi Xon Don Xun Janubiy Koreya rahbarining muddatidan oldin iste’foga chiqishi muqarrarligini, chunki u endi davlat vazifalarini bajarishga qodir emasligini aytdi.
Don Xun, jumladan, prezidentning vakolatlarini muddatidan oldin to‘xtatib qo‘yishga chaqirdi.
Bugun, 7-dekabr kuni Janubiy Koreya parlamentida prezident impichmenti to‘g‘risidagi qonun loyihasi bo‘yicha ovoz berish o‘tkaziladi. Uning qabul qilinishi uchun muxolifatga prezident partiyasidan kamida 8 nafar deputatning ovozi kerak. Yonhap agentligi bundan oldin parlament birinchi xonimga nisbatan tergov masalasi bo‘yicha ovoz berishini ma’lum qilgandi.
- 3-dekabr kuni kechqurun prezident Yun Sok Yol Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilgandi. U buni konstitutsiyaviy tartibni “kommunistik kuchlar”dan himoya qilish zarurati bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bunday chorani mamlakatni inqirozga olib kirishga urinayotgan muxolifat harakatlari tufayli qo‘llagan.
- Parlament deputatlari prezident qaroriga qarshi chiqib, uni bekor qilish uchun ovoz berdi, shundan so‘ng prezident o‘z farmonini qaytarib olishga rozi bo‘ldi.
- 4-dekabr kuni muxolifatdagi partiyalar parlamentga Yun Sok Yol impichmenti bo‘yicha taklif kiritdi. Prezident impichmenti uchun parlament deputatlarining 2/3 qismi (jami 300 o‘rin) ovoz berishi kerak.
- Shuningdek, Janubiy Koreya politsiyasi Yun Sok Yolni davlatga xiyonatda gumon qilib, tergov boshlagani ma’lum bo‘ldi.