Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 1-dekabr holatiga 41,47 mlrd dollarni (-3,9 foiz) tashkil etib, noyabr oyida 1,67 mlrd dollarga kamaydi. Ko‘rsatkich iyun oyidan beri birinchi marta pasaydi.

Noyabr oyidagi pasayishdan oldin Markaziy bank zaxiralari ketma-ket to‘rt oy davomida rekordni yangiladi: iyul oyida ular 1,06 milliard dollarga, avgustda 1,75 milliard dollarga, sentabrda 1,98 milliard dollarga va oktabrda 2 milliard dollarga oshdi.

O‘tgan oydagi qisqarishga qaramay, 11 oy ichida zaxiralar 6,9 milliard dollarga (+20 foiz) oshdi.

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyida xorijiy valyutadagi zaxiralar 1,04 mlrd dollarga — 9,22 mlrd dollardan 8,18 mlrd dollarga kamaydi. Yil boshidan beri (yanvar-noyabr) valyuta zaxiralari 1,19 milliard dollarga (-12,7 foiz) kamaydi, shu jumladan, 2019-yilda mamlakat chiqargan 500 million dollarlik suveren yevroobligatsiyalar bo‘yicha qarzni to‘lash hisobiga.

Zaxiralardagi oltinning fizik hajmi 290 ming troya unsiyasiga (9 tonna) ko‘payib, 12,29 million troya unsiyasiga (382,3 tonna) tushdi.

oltin-valyuta zaxiralari

Shunday bo‘lsa-da, oltin zaxirasining qiymati rekord darajadagi 33,36 milliard dollardan 32,7 milliard dollargacha, ya’ni 623 million dollarga kamaydi. Buning sababi — noyabr oyida oltin narxi 2,6 foizga pasayib, bir troya unsiyasi uchun 2721 dollardan 2651 dollargacha tushdi.

Ta’kidlash joizki, Markaziy bank o‘z zaxiralarida amalda davlat budjetining bir qismiga aylangan O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (O‘zTTJ) aktivlarini ham ko‘rsatadi. Uning hajmi oshkor qilinmaydi. Xalqaro reyting agentligi S&P Global Ratings avvalroq O‘zTTJ aktivlarini “birinchi navbatda monetar yoki to‘lov ehtiyojlari uchun emas, balki fiskal ehtiyojlar uchun mo‘ljallangani” uchun Markaziy bank zaxiralaridan chiqarib tashlayotganini ma’lum qilgan edi.

S&P baholashiga ko‘ra, oltin narxining tushishi va joriy hisob raqamining taqchilligi davom etayotgani sababli O‘zbekistonning foydalanish mumkin bo‘lgan valyuta zaxiralari 2027-yilgacha qisqarishi kutilmoqda.

Markaziy bankning monetar oltin zaxiralari bugungi kunda oltin-valyuta zaxiralari umumiy hajmining 79 foizini tashkil etadi. Markaziy bank O‘zbekistonda qazib olinayotgan oltinni sotib olishda ustuvor huquqqa ega. U oltinni mahalliy valyutaga sotib oladi, keyin esa o‘z intervensiyasining o‘zbek so‘miga ta’sirini qoplash uchun dollarni mahalliy bozorda sotadi.

Markaziy bankning oltin-valyuta zaxiralari milliy iqtisodiyot va moliya tizimi barqarorligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Ulardan keskin tebranishlar yuz berganda milliy valyuta kursiga ta’sir ko‘rsatish orqali uning barqarorligini saqlash, kreditorlar oldidagi tashqi majburiyatlarni to‘lash, inqirozli vaziyatlarda importni qoplash, shuningdek, tashqi iqtisodiy xatarlardan sug‘urta sifatida foydalanish mumkin.

Zaxiralar eksport qilinadigan tovarlar narxlarining keskin o‘zgarishi, xalqaro sanksiyalar, global moliyaviy inqirozlar yoki valyuta bozorlaridagi tebranishlar kabi tashqi shoklardan o‘ziga xos “xavfsizlik yostig‘i” hisoblanadi.