O‘zbekistonda isitish va issiq suv ta’minoti tariflari 2025-yil davomida ikki marta oshirilishi mumkin. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Issiqlik ta’minoti tizimlaridan foydalanish va rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Ilhom To‘rayev 2-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Joriy yilda isitish va issiq suv tariflari hududlarda bir marta, Toshkent shahrida esa ikki marta (aprel va noyabr oylarida) oshirildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi yildan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlarining oshishi sababli hududlarda ham ular ikki marta indeksatsiya qilinishi mumkin.

“Toshkentda noyabr oyida narxlar ko‘tarilgan bo‘lsa, endi bahorda narxlar qayta ko‘rib chiqilishi ko‘zda tutilgan… Birgina joriy yilda hududlarda narxlar bir marta oshgan bo‘lsa, kelgusi yilda ikki marta oshadi. Gap [zararlarni] qoplash uchun davlat subsidiyalariga borib taqaladi, issiqlik ta’minotida davlat subsidiyalarining ulushi juda katta. Shu munosabat bilan biz tizimni yangilash va yaxshi sharoit yaratish uchun narxlarni qayta ko‘rib chiqishimiz kerak va buning uchun mablag‘ kerak,” — dedi Ilhom To‘rayev.

“Bugungi kunda 2025-yilda [isitish va issiq suv uchun] tariflar 15 foizdan ikki marta oshishi prognoz qilinmoqda,” — deya qo‘shimcha qildi u.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi vakili ham to‘lov tizimini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun Janubiy Koreya va qo‘shni davlatlar tajribasi o‘rganildi.

Masalan, Koreya Respublikasida uylarni minimal darajada isitish uchun abonent to‘lovi, u yerda odamlar yashashidan qat’i nazar, undiriladi.

“Ko‘pchilikda shunday savol tug‘iladi: agar men uyda yashamasam, isitish uchun pul to‘lashim kerakmi? Koreyada telefoningizdagi abonent to‘lovlariga o‘xshash tizim yaratilgan. Uyda minimal issiqlikni saqlash uchun abonent to‘lovi olinadi… Agar biz to‘g‘ri tarif siyosatini yuritsak, tariflarni oshirish kerakmi-yo‘qmi, aniq bo‘ladi”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, poytaxt budjeti xarajatlarining to‘rtdan bir qismi aholi uchun pasaytirilgan tariflar qo‘llanilishi tufayli issiqlik ta’minoti korxonalarining zararlarini qoplashga to‘g‘ri keladi. 2024-yilda bunga 1,97 trln so‘m ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu 2023-yil prognoziga nisbatan (1,6 trln so‘m) 22,8 foizga ko‘pdir.

Avvalroq Veolia Energy Tashkent kompaniyasi issiq suv va isitish tariflarining oshishini gaz va elektr energiyasi narxlarining oshishi bilan asoslab bergan edi. Korxona ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda aholi bazaviy tarif summasining 18 foizini qoplamoqda.