Suriya sobiq prezidenti Bashar Asad oilasi bilan Rossiyaga uchib keldi. Bu haqda TASS nashri Kremldagi manbasiga tayanib xabar berdi.
“Asad oilasi a’zolari bilan Moskvaga keldi. Rossiya insonparvarlik nuqtai nazaridan ularga boshpana berdi”, — dedi agentlik suhbatdoshi.
Manbaning ta’kidlashicha, Rossiya hukumati BMT shafeligida Suriyani tartibga solish bo‘yicha muzokaralarni qayta tiklash zarur deb hisoblaydi. Shuningdek, Suriya qurolli muxolifati rahbarlari Rossiyaning Suriya hududidagi harbiy bazalari va diplomatik muassasalari xavfsizligini kafolatlagani haqida ham xabar berildi.
Avvalroq Suriya prezidenti samolyot halokatida qurbon bo‘lgan bo‘lishi ehtimoli yuqori, deb yozgandi Reuters. Il-76 samolyoti Rossiya aviatsiya va dengiz bazalari joylashgan hudud tomon yo‘nalgan, ammo radardan g‘oyib bo‘lgan, deb ta’kidlagandi nashr.
Suriyadagi vaziyat
8-dekabrga o‘tar kechasi qurolli isyonchi guruhlar Suriya poytaxti Damashqqa bostirib kirdi va prezident Bashar Asad rejimini ag‘darganini e’lon qildi. U mamlakatni 24 yil, oilasi esa 1971-yildan beri boshqarib kelayotgandi.
Suriya bosh vaziri Muhammad G‘ozi al-Jaloliy Damashqda qolishini va hokimiyatni “topshirish” uchun har qanday chora ko‘rishga tayyorligini ma’lum qildi. Bunga javoban “Hayat Tahrir ash-Shom” yetakchisi Abu Muhammad al-Juloniy hokimiyat rasman o‘tkazilgunga qadar Damashqdagi davlat idoralari bosh vazir nazorati ostida qolishini aytdi.
Asadning hukmronligi tugagani ma’lum bo‘lgach, Damashqning asosiy maydonlarida g‘alabani nishonlash uchun minglab aholi to‘plandi. Ular Suriya inqilobiy bayrog‘ini hilpiratgan, ba’zilari esa osmonga o‘q uzgan, deb yozadi AP.
Asadning Prezident saroyi va ba’zi davlat idoralari talon-toroj qilindi. Isyonchilar, shuningdek, Damashq chekkasidagi Sednaya qamoqxonasida saqlanayotgan odamlarni ozod qilganliklarini, u yerda minglab odamlar qiynoqqa solingani va o‘ldirilganini bildirdi.