Suriya armiyasi qo‘mondonligi yakshanba kuni ofitserlarni prezident Bashar Asadning 24 yillik avtoritar boshqaruvi tugagani haqida xabardor qildi, Asad esa Damashqni noma’lum yo‘nalishda tark etdi, deb xabar berdi Reuters o‘z manbalariga tayanib.

Qayd etilishicha, Damashq “Endi Asaddan xoli” deb aytgan suriyalik isyonchilar davlat televideniyesida Suriya xalqiga birinchi bayonotini e’lon qilishi kutilmoqda.

CNN ham Asadning 7-dekabr oqshomi holatiga ko‘ra qayerdaligi noma’lum ekani, manbalar Damashqda “uni topish mumkin bo‘lgan joylarning birontasida ham yo‘q” ekanini ma’lum qilgani haqida yozdi.

Prezident gvardiyasi, telekanal manbasiga ko‘ra, Asad yashaydigan joyda yo‘q edi. Gvardiyachilar, qoida tariqasida, Suriya prezidentiga hamrohlik qiladi, shu jumladan, safarlar paytida ham. Asad qarorgohida gvardiyaning yo‘qligi uning shahardan chiqib ketganiga bilvosita dalil bo‘la oladi, deydi CNN.

Avvalroq The Wall Street Journal manbalarga tayanib, Asadning rafiqasi va farzandlari Moskvada, kuyovi esa BAAda ekani haqida xabar bergandi.

Buyuk Britaniyada joylashgan Suriya inson huquqlari monitoringi markazi (SOHR) Damashq aeroportidan uchgan xususiy samolyot, ehtimol, Asadni olib ketganini ma’lum qildi. Monitoring guruhining ma’lumotlariga ko‘ra, aeroportda bo‘lgan hukumat qo‘shinlari u uchib ketganidan keyin evakuatsiya qilingan.

Suriya hukumati isyonchilarning Damashqqa bostirib kirishi haqidagi xabarlarga hozircha izoh bermadi, deb yozmoqda BBC.

Guvohlarning aytishicha, minglab odamlar avtomobillarda va piyoda Damashqning asosiy maydoniga to‘planib, yarim asr davom etgan Asad oilasi hukmronligidan qutulgani uchun “Ozodlik”ni kuylamoqda, deb ta’kidladi Reuters.

Shuningdek, Homsda Bashar Asadning otasi, sobiq prezident (1971−2000) Hofiz Asad haykali buzib tashlandi.

Dramatik qulash Yaqin Sharq uchun seysmik moment bo‘lib, oilaning Suriya ustidan hukmronligiga chek qo‘ydi va mintaqaning markazida asosiy ittifoqchisini yo‘qotgan Rossiya va Eronga katta zarba berdi, deb qo‘shimcha qildi agentlik.

“Biz asirlarimizning ozod etilgani hamda Sednaya qamoqxonasidagi adolatsizlik davri tugagani haqidagi xabarni Suriya xalqi bilan birgalikda olqishlaymiz”, — dedi isyonchilar Damashq chekkasidagi Suriya hukumati minglab odamlarni hibsga olgan katta harbiy qamoqxonaga ishora qilib.

AQSh prezidenti Jo Bayden va uning jamoasi “Suriyadagi favqulodda voqealar”ni kuzatib bordi va mintaqaviy hamkorlar bilan muloqotda bo‘ldi, deya Oq uydan iqtibos keltirdi Reuters.

Suriya bosh vaziri hokimiyatni topshirishga tayyor

Suriyaning xorijdagi asosiy muxolifat guruhi rahbari, suriyalik Hadi al-Bahro Damashq endi “Bashar al-Assadsiz” ekanini e’lon qildi.

Bosh vazir Muhammad G‘ozi al-Jaloliy Suriya xalqi tomonidan tanlangan har qanday rahbariyat bilan hamkorlik qilishga va hokimiyatni “topshirish” uchun har qanday chora ko‘rishga tayyorligini ma’lum qildi, deb xabar berdi Saudiyaning Al Arabiya telekanali.

“Bu mamlakat normal mamlakat, o‘z qo‘shnilari va butun dunyo bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatadigan mamlakat bo‘lishi mumkin, ammo bu masalani Suriya xalqi tomonidan saylangan har qanday rahbariyat hal qilishi kerak. Biz barcha sharoitlarni yaratib berish uchun u bilan hamkorlik qilishga tayyormiz”, — dedi hukumat rahbari.

U “Suriya davlatining barcha institutlarini” saqlab qolishga chaqirdi va davlat ishlarini boshqarishni davom ettirishni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Shu bilan birga, al-Jaloliy unga hech qanday lavozim va imtiyozlar kerak emasligini ta’kidladi hamda o‘z uyida ekanini va uni tark etish niyatida emasligini bildirdi.

AFP agentligi isyonchilar yetakchisiga tayanib, Damashqdagi davlat idoralari hokimiyat rasman o‘tkazilgunga qadar bosh vazir nazorati ostida qolishini ma’lum qildi.

Qurolli guruhlar Bashar Asad kuchlariga qarshi keng ko‘lamli hujumni 2024-yil noyabr oyi oxirida boshlagan. 7-dekabr oqshomiga kelib, Asadning raqiblari Halab, Hama, Homs, Dayr az-Zor, Dorani egallab, Damashqdan bir necha kilometr uzoqlikda edi.