Janubiy Koreyaning sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon 8-dekabr kuni mamlakatda harbiy holat joriy etishda ishtirok etgani uchun hibsga olindi, deb xabar berdi Yonhap.
Sobiq vazir o‘z ixtiyori bilan Seulning Markaziy tumani prokuraturasiga kelib, so‘roq qilindi. Qamoqqa olingandan so‘ng Kim Yon Xyonning telefoni olib qo‘yildi.
Janubiy Koreya prokuraturasi mamlakatda harbiy holat joriy etilgani sababli qo‘zg‘olon va hokimiyatni suiiste’mol qilish bilan bog‘liq ikkita jinoyat ishini tergov qilmoqda. Prezident Yun Sok Yol qo‘zg‘olonda gumon qilinyapti. Kecha Janubiy Koreya parlamenti prezidentga impichment e’lon qilish uchun ovoz berishda yetarlicha ovozni to‘play olmadi: hukmron partiyaning 108 deputatidan 105 nafari majlislar zalidan chiqib ketib, ovoz berishdan bosh tortdi. Muxolifat prezidentni javobgarlikka tortishga urinishlarini to‘xtatmasligini bildirdi.
Kim Yon Xyon 4-dekabr, chorshanba kuni mudofaa vaziri lavozimidan iste’foga chiqqandi. Uning aytishicha, “u harbiy holat joriy etilishi bilan bog‘liq barcha hodisalar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan”. Aynan mudofaa vaziri prezidentga harbiy holat joriy etishni taklif qilgan, deb ishoniladi.
Avvalroq “Gazeta.uz” ushbu mamlakatda yashovchi o‘zbekistonliklar bilan siyosiy voqealar ularning hayotiga qanday ta’sir qilgani haqida suhbatlashgandi.
- 3-dekabr kuni kechqurun prezident Yun Sok Yol Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilgandi. U buni konstitutsiyaviy tartibni “kommunistik kuchlar”dan himoya qilish zarurati bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bunday chorani mamlakatni inqirozga olib kirishga urinayotgan muxolifat harakatlari tufayli qo‘llagan.
- Parlament deputatlari prezident qaroriga qarshi chiqib, uni bekor qilish uchun ovoz berdi, shundan so‘ng prezident o‘z farmonini qaytarib olishga rozi bo‘ldi.
- 4-dekabr kuni muxolifatdagi partiyalar parlamentga Yun Sok Yol impichmenti bo‘yicha taklif kiritdi. Prezident impichmenti uchun parlament deputatlarining 2/3 qismi (jami 300 o‘rin) ovoz berishi kerak.
- Shuningdek, Janubiy Koreya politsiyasi Yun Sok Yolni davlatga xiyonatda gumon qilib, tergov boshlagani ma’lum bo‘ldi.