8-dekabrga o‘tar kechasi qurolli isyonchi guruhlar Suriya poytaxti Damashqqa bostirib kirdi va prezident Bashar Asad rejimini ag‘darganini e’lon qildi, deb xabar bermoqda Al Jazeera. U mamlakatni 24 yil, oilasi esa 1971-yildan beri boshqarib kelayotgandi.
Asad Damashqdan noma’lum yo‘nalishda samolyotda uchib ketdi, deb xabar berdi Reuters`ga ikki yuqori martabali armiya ofitseri. Rossiya TIV ham Asad mamlakatni tark etgani haqida xabar berdi. “Asadning Suriya hududidagi bir qator qurolli mojaro ishtirokchilari bilan muzokaralari natijasida u prezidentlik lavozimini tark etishga qaror qildi va hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirish bo‘yicha ko‘rsatma berib, mamlakatni tark etdi. Rossiya ushbu muzokaralarda ishtirok etmagan”, — deyiladi Rossiya TIV xabarida.
Suriya bosh vaziri Muhammad G‘ozi al-Jaloliy Damashqda qolishini va hokimiyatni “topshirish” uchun har qanday chora ko‘rishga tayyorligini ma’lum qildi. Bunga javoban “Hayat Tahrir ash-Shom” yetakchisi Abu Muhammad al-Juloniy hokimiyat rasman o‘tkazilgunga qadar Damashqdagi davlat idoralari bosh vazir nazorati ostida qolishini aytdi.
Asadning hukmronligi tugagani ma’lum bo‘lgach, Damashqning asosiy maydonlarida g‘alabani nishonlash uchun minglab aholi to‘plandi. Ular Suriya inqilobiy bayrog‘ini hilpiratgan, ba’zilari esa osmonga o‘q uzgan, deb yozadi AP.
Asadning Prezident saroyi va ba’zi davlat idoralari talon-toroj qilindi.
Isyonchilar, shuningdek, Damashq chekkasidagi Sednaya qamoqxonasida saqlanayotgan odamlarni ozod qilganliklarini, u yerda minglab odamlar qiynoqqa solingani va o‘ldirilganini bildirdi.
Jahonda Asad rejimining ag‘darilishiga munosabat
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron: “Varvar davlat quladi. Nihoyat. Men Suriya xalqiga, uning jasorati va sabr-toqatiga tahsin aytmoqchiman. Ushbu noaniq lahzada men ularga tinchlik, erkinlik va birlik tilayman”.
Germaniya kansleri Olaf Shols: “Bashar Asad odamlarni qattiq ezgan. Son-sanoqsiz odamlarning hayoti uning bo‘ynida, u juda ko‘p odamlarni qochishga majbur qilgan, bu odamlarning ko‘pchiligi Germaniyaga kelgan”.
Turkiya TIV: “Suriya suriyaliklar o‘z mamlakatining kelajagini belgilaydigan bosqichga yetdi va bugun umid paydo bo‘ldi. Suriyada yangi ma’muriyatni hammaning ishtiroki asosida tuzish kerak, qasos olish istagi bo‘lmasligi kerak. Terrorchi tashkilotlar mavjud vaziyatdan foydalanib qolishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Yangi Suriya qo‘shnilari uchun xavf tug‘dirmasligi, u tahdidlarni bartaraf etishi kerak”.
O‘z navbatida, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an qo‘zg‘olonchilar Idlib, Halab va Hama shaharlarini egallab olgan harbiy operatsiyani “muxolifat marshi” deb ta’rifladi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Suriya bo‘yicha maxsus vakili: “Bugungi kun deyarli 14 yil davomida urushni boshdan kechirgan mamlakat, deyarli 14 yil davomida tinimsiz azob-uqubatlar va ta’riflab bo‘lmaydigan yo‘qotishlarni boshdan kechirgan millat — Suriya tarixida burilish nuqtasini anglatadi. Ushbu qayg‘uli bob chuqur chandiqlarni qoldirdi, ammo bugun biz yangi bob — barcha suriyaliklar uchun tinchlik, yarashish, qadr-qimmat va umumiy ishtirokning ochilishini ehtiyotkorlik bilan kutamiz”.
Oq uy: Prezident Bayden va uning jamoasi Suriyadagi favqulodda vaziyatlarni diqqat bilan kuzatib bormoqda va mintaqaviy hamkorlar bilan doimiy aloqada.
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp: “Asad endi yo‘q. U o‘z mamlakatidan qochib ketdi. Uning himoyachisi — Vladimir Putin boshchiligidagi Rossiya endi uni himoya qilishdan manfaatdor emas”.
Eron TIV: Suriyaning taqdiri va kelajagini faqat Suriya xalqi belgilaydi. Suriyaning taqdirini o‘zi belgilash va kelajagi haqida qaror qabul qilish faqat Suriya xalqining mas’uliyati bo‘lib, buzg‘unchi aralashuv yoki xorijiy majburlashlarsiz amalga oshiriladi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu: “Eron qarshilik o‘qining asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan Asadning qulashi tarixiy kun va Isroilning „Hizbulloh“ va Eronga bergan zarbalarining bevosita natijasidir. Biz hech qanday dushman kuchining chegaralarimizda o‘rnashib olishiga yo‘l qo‘ymaymiz”.