“O‘zgidromet” sinoptiklari 8−11-dekabr kunlari shimoliy sovuq nam havo oqimlari va uning ortidan antitsiklon jarayoni kirib kelish kutilmalaridan kelib chiqib, O‘zbekistonda havo haroratining sezilarli pasayib ketishi haqida tezkor gidrometeorologik axborot e’lon qildi.
“O‘zgidromet” axborotiga ko‘ra, 8−11-dekabr kunlari O‘zbekiston hududiga sovuq havo massalari kirib kelishi ortidan, joylarda havo harorati kechalari −5…−10 daraja sovuqqacha, kunduzi −0…−5 daraja sovuqqacha, shimolda kechalari −8…−13 daraja sovuqqacha, kunduzi −2…−7 daraja sovuqqacha pasayishi mumkin.
8-dekabr kuni ayrim joylarda shamol tezligi soniyasiga 13−18 metrgacha kuchayishi mumkin. Shu kuni, “O‘zgidromet"ning boshqa bir qisqa muddatli ob-havo prognoziga ko‘ra, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida kuchsiz qor yog‘ishi mumkin.
Ya’ni, yaqin kunlarda O‘zbekiston aholisi va tarmoqlar joriy qish mavsumida birinchi marta anomal sovuqlik muhitiga juda yaqin bo‘lgan ob-havoning keskin o‘zgarishlariga guvohi bo‘ladi. Mamlakatning aksariyat qismida havo haroratining tungi minimumi -10 darajagacha, shimoliy hududlar va tog‘larda −13…−18 darajagacha pasayishi, kunduzi esa nol darajadan past kuzatilishi, birinchi navbatda, energetika tarmoqlari va kishilar salomatligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ammo ushbu sovuqlik to‘lqini tarmoqlarga katta yuklama bo‘lib tushmaydi. Birinchidan, u respublikaning katta qismida uzoq davom etadigan anomal sovuqlikni taqdim etmaydi. Ikkinchidan, joriy sovuqlik to‘lqini mintaqa havoning keskin sovishi jarayoniga sezilarli moslashib olgan davrida kirib kelmoqda.
Shunga qaramay, mazkur to‘rt kunlik sovuqlik to‘lqinining kishilar salomatligi, iqtisodiyot va qishloq xo‘jalik tarmoqlariga ta’siri, uning salbiy oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha ayrim tavsiyalarni bo‘lishishni lozim topdik.
Sog‘liqni saqlash tarmog‘iga ta’sirlar
Sovuqlik to‘lqinining faol bosqichida (9−11-dekabr kunlari) atmosfera bosimining keskin ko‘tarilishi ro‘y beradi. Prognozlarga ko‘ra, u 9−10-dekabrda shimolda 1045 gPa, Toshkent shahrida esa 1043 gPagacha yetadi.
Yuqori atmosfera bosimi aholi sog‘lig‘iga, ayniqsa, allergik, astmatik hamda qon bosimi xastaliklari bilan og‘riyotgan kishilarga sezilarli ta’sir qilishi mumkin. Atmosfera bosimi ko‘tarilgan vaqtda tashqi muhitda uzoq qolib ketish og‘ir oqibatlarga olib kelishi, hatto izg‘irin sovuq vaqti o‘limga ham sabab bo‘lishi mumkin. Antitsilonal jarayonni inson salomatligiga ta’siri oldini olishda oldingi materiallardagi tavsiyalarga amal qilish maqsadga muvofiq.
8-dekabr kuni sovuq havo oqimining mintaqaga kirib kelishi frontoldi kuchli shamollar bilan birga kuzatiladi. Bu vaqtda hududlarda qisqa vaqt ichida atmosfera bosimining keskin o‘zgarishi, ya’ni “barik tubsizlik” hodisasi sodir bo‘ladi. Bu hodisa qon bosimi o‘zgarishidan aziyat chekuvchi bemorlar salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi. Ushbu hodisa va uning salbiy oqibatlarini kamaytirishda oldingi material orqali tanishishingiz mumkin.
Bu kunlarda nafaqat havo haroratining tushishi, balki ayrim joylarda — antitsiklonning chuqur ta’siri, sharqiy shamollar fonida — quruq havoda haroratni his qilish darajasining keskin pasayishi hodisasi ham kuzatiladi. Bu fanda “bioiqlimiy sharoitlar” iborasi bilan, ya’ni turli ob-havo o‘zgaruvchilari (shamol tezligi, havo namligi, quyosh yog‘dusi va harorat) sharoitida ob-havoni “his qilish” tushunchasi bilan tushuntiriladi. Joriy sovuqlik to‘lqini mintaqamizning ayrim hududlarida aholining ochiq havoda kuchli sovuqlik stresslariga duch kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Masalan, xorijiy ob-havo markazlarining operativ prognostik ob-havo modellariga ko‘ra, mintaqaga sovuqlik eng kuchli ta’sir etadigan 10-dekabr kuni tonggi soat 8:00 da shimoliy va cho‘l hududlarda “kuchli sovuqlik stresslari” kuzatilishi prognoz qilingan. Shuningdek, aholi ko‘p istiqomat qiluvchi hududlar kesimida Samarqand va Jizzax viloyatlari aholisi sovuqlikni Farg‘ona vodiysi va Toshkent viloyatida yashovchilardan ko‘ra kuchliroq his qiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda qishda harorat keskin pasayganida kishilarda quyidagi o‘zgarish va kasalliklar kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirgan:
- qattiq sovuqda ko‘pincha qon tomirlarining keskin torayishi;
- gipertoniya, bosh miya qon tomirlari aterosklerozi, insult va infarktdan keyingi holat, stenokardiya kabi kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarda bosh va yurak sohasidagi og‘riqlar bezovta qilishi;
- bronx va o‘pka xastaliklari, xususan, bronxial astmaga chalingan bemorlarda kasallikning faol davridagi asoratlar zo‘rayishi;
- bronxial astmaga chalingan bemorlar uydan tashqi muhitga chiqqanda bronxospazm yoki stenokardiyaning xuruj qilish xavfi ortishi;
- anomal sovuq teri va buyrak kasalligi bor bemorlarning umumiy holati yomonlashuvi.
SSV gipotermiya va sovuqdan himoyalanish bo‘yicha quyidagi tavsiyalarni bergan:
- sovuq qotishning oldini olish uchun ko‘chaga chiqqanda issiq va qalin kiyimlar kiyish. Bunda, qo‘lqop va jun paypoqlardan foydalanish juda muhim. Ayniqsa, bosh va yirik qon tomirlari joylashgan bo‘yin qismini issiq tutish talab etiladi. Sababi bo‘yindagi tomirlar inson bosh miyasini qon bilan ta’minlaydi;
- kuchli sovuqlikda alkogol va tamaki iste’mol qilishni kamaytirish;
- ko‘chaga chiqishdan avval teriga yog‘li kremlarni qo‘llash. Chunki qattiq sovuq havo inson terisini haddan tashqari quritib yuboradi;
- sovuq kunlarda tongda, albatta, nonushta qilish. Och qolish tananing tez muzlashi va immunitet zaiflashishiga sabab bo‘ladi. Iste’mol qilinadigan taomlar kaloriyasi issiq kunlarga nisbatan 25−30 foizga oshirilishi maqsadga muvofiq. Bunda, issiq va suyuq ovqatlar juda foydali.
Boshqa sog‘liqni saqlash tarmoqlarida aholiga tashqi muhitning ta’sirining salbiy oqibatlarini kamaytirishda maslahatlar ulashuvchi xalqaro tuzilmalar bergan tavsiyalariga ko‘ra (1, 2):
- havo harorati keskin pasayib ketishi bilan bog‘liq kasalliklar (gipotermiya, toshma, qon bosimi ko‘tarilishi) bo‘yicha xabardorlikni oshirish;
- dorixonalarda antigripp va virusga qarshi dori-darmonlar zaxirasini ta’minlash;
- tez tibbiy yordam tayyorgarligini oshirish;
Energetika tarmoqlariga ta’sirlar
Sovuq ob-havo uy-joy komunal xo‘jaligi, elektr energiyasi tarmoqlarida yuklamaning ortishiga, gaz quvurlarida gaz bosimi keskin pasayishiga sabab bo‘ladi. Antitsiklonal omil elektr simlariga jiddiy ta’sir etib, ularda elektr energiyasining kichik qiymatda yo‘qotilishiga olib keladi.
So‘nggi yillar qishda sutkalik haroratning iqlimiy me’yordan 4−5 daraja pasayishi energetika tarmoqlariga jiddiy zarba berib, har safar shunday sovuqlik to‘lqinlarida energotarmoqning barcha yo‘nalishlarida muammolar ko‘rinib qolmoqda.
Ehtimoliy sovuqlik to‘lqinlari kuzatiladigan 8−11-dekabr kunlari O‘zbekistonda elektr energiyasi resurslari bilan bog‘liq vaziyatni barqarorlashtirishda barcha elektr stansiyalarida kuniga kamida 260 mln kVt·soat tok ishlab chiqarishi kerak. Masalan, 2024-yil 27-fevralida O‘zbekistonda hozir kutilayotganiga o‘xshash sovuqlik muhiti kuzatilgan, o‘shanda kuniga jami 240 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa-da, bu mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirmagan edi.
Joriy sovuqlik to‘lqini gaz quvurlaridagi bosimning keskin pasayishiga, gaz-zapravkalarda navbatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ko‘plab hududlarda gaz-zapravkalar faoliyatiga vaqtincha cheklovlar kiritilishi mumkin.
O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Lolazor” podkastidagi chiqishida 2024/2025-yilgi kuz-qish mavsumi uchun mavjud ikkita yerosti gaz obmoriga jami 5,1 mlrd kubometr gaz “qamalgani” haqida ma’lumot bergan edi. Qishning ayni sovuq kunlarida Energetika vazirligi aynan shu yerosti gaz omborlarida to‘plangan gaz zaxirasini ishga solishi lozim. Ayniqsa, tabiiy gaz iste’moli juda yuqori Farg‘ona vodiysidagi Xo‘jaobod yerosti gaz omboridagi 0,78 km kub gazni tarmoqlarga yetkazish choralari ko‘rilishi kerak.
Tavsiyalar. Bundan tashqari, energetika tarmoqlarining sovuqlik muhitiga tayyor turishi bo‘yicha boshqa tavsiyalarni ham berish mumkin:
- quvurlar va transformatorlarni muzlashdan himoya qiluvchi maxsus izolyatsiya tizimlarini tekshirish;
- elektr iste’moli ko‘p bo‘ladigan vaqtlarda tarmoqda elektr energiya barqarorligini ta’minlash uchun zaxira elektr stansiyalarini tayyorlash;
- tabiiy gaz ta’minotini barqaror ta’minlash uchun quvurlarni doimiy ravishda tekshirish;
- elektr energiya talabini monitoring qilish va avariyalarni tezkorlik bilan bartaraf etish bo‘yicha rejalarni amalga oshirish;
- ehtimoliy avariyaviy holatlardan aholini xabardor qilish.
Qishloq xo‘jaligi tarmoqlariga ta’sirlar
Kutilayotgan joriy sovuqlik to‘lqini dala ekinlariga sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Chunki ko‘plab ekinlar ayni damda qishki “tinim davri"ga kirib bo‘ldi. Joriy sovuqlik to‘lqini ayniqsa kuzgi bug‘doy rivoji uchun ayni muddao. Masalan, tuproqning chuqurroq muzlashi kelgusi sug‘orish davri uchun qurt-qumursqalar xavfini kamaytiradi.
Ayni vaqtda, joriy sovuqlik to‘lqini issiqxonalar faoliyatini og‘irlashtiradi. Shuningdek, tokzorchilik va anorchilik yo‘nalishida sifatli o‘ralmagan tok va anorlarni sovuq urishi mumkin.
Tavsiyalar:
- issiqxonalardagi haroratni muntazam nazorat qilish va qo‘shimcha isitish tizimlarini ishga tushirish;
- ochiq maydonlardagi ekinlarni sovuq urishidan himoya qilish uchun geotekstil yoki mulcha kabi materiallar bilan yopish;
- kech ekilgan, ayniqsa, 1−2 barg holatida bo‘lgan g‘alla maydonlariga chirigan mahalliy o‘g‘it (go‘ng) sepish;
- elektr energiyasi bo‘yicha cheklovlar bo‘lishini inobatga olib, nasos agregatlari va lotok tarmoqlari muzlab yorilishining oldini olish uchun ulardan foydalanishni vaqtincha to‘xtatish;
- chorva uchun qo‘shimcha issiq joylarni tashkil etish;
- sovuqda hayvonlarda energiya sarfi oshishini inobatga olib, qo‘shimcha yem-xashak zaxirasini tayyorlash.
Turli favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishining oldini olish
Sovuqlik to‘lqinlari ta’sirida uylarni qo‘lbola pechkalar yordamida isitish holatlar ko‘payishi, bunday pechkalarning dudburonlaridagi muammolar sabab aholining is gazidan zaharlanishi holatlari yuz berishi mumkin. Shu bois Favqulodda vaziyatlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari aholining is gazidan zaharlanishining oldini olish choralarini ko‘rishi, faol targ‘ibot ishlarini olib borishi kerak.
Qirg‘izistonning “Elektr stansiyalari” kompaniyasi e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra, 6-dekabr holatiga To‘xtag‘ul suv omboridadan Norin daryosiga sekundiga 706 metr kub suv chiqarilyapti. “Qirg‘izgidromet” 8−11-dekabr kunlari Qirg‘izistonda ham qattiq sovuq bo‘lishi, havo harorati tog‘larda −22…−27 darajagacha, ba’zi joylarda -35 darajagacha pasayishini ma’lum qilgan. Bunday vaziyatda Qirg‘iziston hukumati elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish choralarini ko‘rishi, xususan, To‘xtag‘ul GESning barcha gidroagregatlarini to‘liq ishga tushirish uchun suv omboridan Norin daryosiga sekundiga 800−900, ehtimol, 1000 metr kubgacha suv tashlashni boshlashi mumkin.
Norin daryosi O‘zbekistonning Namangan viloyatidan ham oqib o‘tishi inobatga olinsa, ushbu davrda daryo suvga to‘lib oqishini taxmin qilish mumkin. Daryoda suv hajmi ko‘payishi oqibatida uning qirg‘oqlariga bosim ortishi mumkin. Shu bois Favqulodda vaziyatlar vazirligining bo‘linmalari Norin daryosining Namangan viloyatidan oqib o‘tuvchi qirg‘oqlaridagi vaziyatdan kunu tun xabardor bo‘lishi tavsiya etiladi.
Umuman olganda, kutilayotgan joriy sovuqlik to‘lqini 2023-yil yanvaridagi anomal sovuq darajasidan ancha yumshoq, shunday bo‘lsa-da, tarmoqlar uning salbiy oqibatlarini kamaytirishda yuqorida sanab o‘tilgan tavsiyalar asosida ish ko‘rsa, iqtisodiy yo‘qotishlarning birmuncha oldi olingan bo‘lardi.