Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-dekabr kuni aholini talab yuqori kasblarga o‘qitish va daromadli ish bilan ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlat rahbari Tashqi ishlar vazirligiga Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Slovakiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya kabi mamlakatlarda o‘qish va malaka oshirish, zamonaviy korxonalarda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarga yengillik bo‘lishi uchun viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishni topshirdi.

work and travel, алishер саъдuллаев, viza режими, yoshlar, тив, шавкат мирзиёев

Rivojlangan davlatlarda talabalar uchun Work and Travel (ish va sayohat) kabi ko‘plab dasturlar bor. Xususan, o‘zbekistonlik yoshlar ta’til vaqtida chet elga borib, ham bilim olayapti, ham daromad topayapti. Bu dasturlardan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida, 2025-yildan Yoshlar ishlari agentligi tomonidan talabalarning yo‘lkira xarajatlari uchun ssuda (qaytariladigan mablag‘lar) ajratish yo‘lga qo‘yilishi aytildi.

Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayevning “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, bu dasturda ishtirok etish istagida bo‘lgan, lekin yo‘l harajatlari uchun mablag‘i yetarli bo‘lmagan yoshlar uchun yaxshi imkoniyatdir.

“Ko‘pchilik talabalarning ushbu dasturlar uchun mablag‘lari bo‘lmasligi mumkinligini hisobga olib, biz ularga ssuda beramiz. Odatda, bunday dasturlarni tugatgandan so‘ng ko‘plab talabalar yaxshi daromad bilan qaytib kelishadi, bu ularga qarzlarini to‘lash imkonini beradi. Ayni paytda biz tizimni davlat xizmatlari portali bilan integratsiyalash va jarayonni to‘liq raqamlashtirishga harakat qilmoqdamiz. Bu boradagi ishlar davom etmoqda va vaziyatdan kelib chiqib kelgusida alohida reglament ishlab chiqilishi mumkin”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda aksariyat talabalar Work and Travel dasturlarida mustaqil ravishda qatnashadi va ko‘pchilikda tashkiliy muammolar bor.

“Masalan, hujjatlarni rasmiylashtirish yoki ta’lim muassasasidan ruxsat olish. Agar bu jarayonlarni raqamlashtira olsak, ko‘p sonli talabalar qonuniy va ishonchli dasturlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qildi Sa’dullayev.

Bundan tashqari, prezident chet elda mehnat qilayotgan fuqarolar bilan muloqotni kuchaytirish, ularning ko‘proq oylik olishiga sharoit yaratish hamda ijtimoiy va huquqiy qo‘llab-quvvatlash lozimligini qayd etdi.