Yangi Zelandiya, Bosniya va Gersegovina hamda Venesuelaning O‘zbekistondagi yangi elchilari tayinlandi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 9-dekabr kuni vazir Baxtiyor Saidov yangi tayinlangan elchilar bilan uchrashib, ishonch yorliqlarini qabul qilgan. Vazir elchilar bilan hamkorlik masalalarini muhokama qilgan.
Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, Mark Julian Treynor Yangi Zelandiyaning, Ivan Orlich Bosniya va Gersegovinaning, Rozalba Lo Bue Antiko esa Venesuelaning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlangan.
Saidov Mark Julian Treynor bilan suhbatda barqaror qishloq xo‘jaligi, sanoatni rivojlantirish, “yashil” iqtisodiyot, tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlik va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarga e’tibor qaratgan.
Bosniya va Gersegovina vakili bilan bo‘lsa iqtisodiy sohada samarali hamkorlik qilish uchun ko‘plab imkoniyatlar ko‘rib chiqilgan. Venesuela elchisi bilan parlamentlararo hamkorlik muhokama qilingan.