O‘zbekiston Energetika vazirligi keskin sovuq sharoitida aholini uzluksiz energiya ta’minoti bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot berdi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda mamlakat hududiga sovuq havo oqimi kirib kelishi tufayli energiya resurslariga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshdi. Kunlik tabiiy gaz iste’moli o‘tgan haftaga nisbatan 20 foizga, elektr energiyasi iste’moli esa 15 foizga ko‘paydi.
Energetika vazirligi sovuq kunlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish uchun 1600 dan ortiq kecha-kunduz ishlaydigan guruh tashkil etilganini ma’lum qildi. Ushbu guruhlar zarur transport vositalari va zaxira uskunalar bilan ta’minlangan:
- elektr ta’minoti kompaniyalariga 877 ta avtotransport va 450 ta maxsus texnika;
- gaz ta’minoti kompaniyalariga 220 ta avtotransport, 259 ta maxsus texnika va 567 ta payvandlash apparati berildi.
Aholi va ijtimoiy soha obyektlarini energiya bilan ta’minlovchi inshootlar 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazildi. Ishlarning bajarilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatildi. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish vaqti o‘tgan yilga nisbatan 3−3,5 soatdan 1−1,5 soatga qisqartirildi, deyiladi xabarda.
“Oldingi yillarda generatsiya quvvati tanqisligi tufayli majburiy cheklovlar kiritilgan bo‘lsa, yangi ishga tushirilgan quvvatlar hisobiga joriy yilda cheklovlar kiritilishi bartaraf etildi”, — deb ta’kidladi vazirlik.
Tabiiy gazga bo‘lgan talabning keskin oshishi gaz uzatish tizimining maksimal quvvatda ishlashiga, jumladan, yer osti omborlaridan maksimal kunlik gaz olish va tarmoqqa uzatilishiga qaramay, gaz quvurlaridagi bosimning pasayishiga olib keldi, deyiladi xabarda.
Energetika vazirligi aholi xonadonlari va ijtimoiy obyektlarni (tibbiyot, maktab, maktabgacha ta’lim, oliy ta’lim muassasalari va boshqalar) gaz bilan ta’minlashni ustuvor vazifa sifatida belgiladi. Shu bois hokimiyatlar bilan hamkorlikda grafiklar ishlab chiqildi, unga ko‘ra, iste’moli yuqori bo‘lgan ayrim hududlarda gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Ta’kidlanishicha, hokimiyatlar ushbu cheklovlar haqida aholini o‘z vaqtida rasmiy sahifalar orqali xabardor qiladi.
Elektr ta’minoti bilan bog‘liq savollar uchun 1154 qisqa raqamiga yoki @HET_admin orqali Telegramda murojaat qilish tavsiya etiladi. Gaz ta’minoti bo‘yicha savollar uchun 1104 va 104 raqamlari, shuningdek, @hududgaz_murojaat_bot Telegram boti mavjud.
Vazirlik iste’molchilardan “birinchi navbatda ko‘rilayotgan choralarga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishni” so‘radi va ularni quyidagilarga chaqirdi:
- elektr qurilmalari va isitish moslamalariga nihoyatda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish;
- resurslardan imkon qadar samarali va tejamkorlik bilan foydalanish;
- nostandart, energiya samarasiz qurilmalardan foydalanmaslik;
- qurilmalardan foydalanilmayotgan vaqtlarda ularni tarmoqdan ajratib qo‘yish;
- is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qat’iy rioya qilish.
Kuz-qish mavsumida O‘zbekiston iste’molchilariga 21 mlrd kub metr gaz yetkazib berish rejalashtirilgan, deyiladi prezidentning 15-noyabrdagi yig‘ilishida. Keskin sovish holatida harakat rejasi va ijtimoiy muassasalarni uzluksiz energiya bilan ta’minlash choralari ishlab chiqilgan. Hududlarda gazni tejash imkoniyatlarini ishga solish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Avvalroq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida asosiy va pessimistik ssenariylar ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi. Harorat -20 darajadan pastga tushganda, yirik iste’molchilar va yonilg‘i quyish shoxobchalari uchun gaz yetkazib berish cheklanadi, mazutdan foydalanish ko‘paytiriladi, yirik korxonalarga energiya resurslari yetkazib berish cheklanadi va boshqa choralar ko‘riladi.
Biroq shu paytgacha ushbu ssenariylar jamoatchilikka taqdim etilmagan.