Janubiy Koreya Adliya vazirligining xabar berishicha, prezident Yun Sok Yolga mamlakatdan chiqish taqiqlandi, deb yozmoqda Yonhap agentligi.

Vazirlikka Janubiy Koreyaning Korrupsiya bo‘yicha tergov boshqarmasi tomonidan ariza bilan murojaat qilindi, deb yozdi Associated Press. Boshqarma bosh prokurori O Don Un parlament eshituvlarida yaqinda favqulodda holat e’lon qilingani munosabati bilan tergovchilarga prezidentning mamlakatdan chiqishini taqiqlash bo‘yicha ko‘rsatma berganini ma’lum qildi, ammo bu qaror hali kuchga kirgani yo‘q.

Bundan tashqari, Yun Sok Yol davlatga xiyonat va hokimiyatni suiiste’mol qilishda gumonlanmoqda. Politsiya uni so‘roq qilishni istisno qilmaydi.

Bir kun avval Janubiy Koreya sobiq mudofaa vaziri Kim Yong Xyon tergov doirasida hibsga olindi. Prokuratura qo‘zg‘olon va hokimiyatni suiiste’mol qilish bilan bog‘liq ikkita jinoyat ishini tergov qilmoqda.

Avvalroq “Gazeta.uz” ushbu mamlakatda yashovchi o‘zbekistonliklar bilan siyosiy voqealar ularning hayotiga qanday ta’sir qilgani haqida suhbatlashgandi.

  • 3-dekabr kuni kechqurun prezident Yun Sok Yol Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilgandi. U buni konstitutsiyaviy tartibni “kommunistik kuchlar”dan himoya qilish zarurati bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bunday chorani mamlakatni inqirozga olib kirishga urinayotgan muxolifat harakatlari tufayli qo‘llagan.
  • Parlament deputatlari prezident qaroriga qarshi chiqib, uni bekor qilish uchun ovoz berdi, shundan so‘ng prezident o‘z farmonini qaytarib olishga rozi bo‘ldi.
  • 4-dekabr kuni muxolifatdagi partiyalar parlamentga Yun Sok Yol impichmenti bo‘yicha taklif kiritdi. Prezident impichmenti uchun parlament deputatlarining 2/3 qismi (jami 300 o‘rin) ovoz berishi kerak.
  • Shuningdek, Janubiy Koreya politsiyasi Yun Sok Yolni davlatga xiyonatda gumon qilib, tergov boshlagani ma’lum bo‘ldi.