Amerika aviatsiyasi 8-dekabr kuni Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin terrorchilar mamlakatda yana paydo bo‘lishlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun Suriyadagi ISHID pozitsiyalariga bir necha o‘nlab zarbalar berdi, deb yozmoqda The New York Times.

Qayd etilishicha, bu haqda AQSh prezidenti Jo Bayden Oq uyda jurnalistlar oldida nutq so‘zlagan.

U Asad rejimining qulashini “adolatning harakati” deb ta’rifladi. “Nihoyat, Asad rejimi quladi. Bu rejim yuz minglab begunoh suriyaliklarga shafqatsizlik qildi, ularni qiynadi va o‘ldirdi. Bu jafokash Suriya xalqi uchun o‘zining mag‘rur mamlakatida yaxshiroq kelajak qurishda tarixiy imkoniyat lahzasidir”, — dedi Bayden.

Prezident Oq uy hokimiyatni o‘tkazish jarayonida barcha Suriya guruhlari bilan hamkorlik qilishini ta’kidladi. Shuningdek, u qo‘shni davlatlar, jumladan, Iordaniya, Livan, Iroq va Isroilga agar o‘tish davrida ular uchun Suriya tomonidan biron-bir tahdid paydo bo‘lsa, ularni qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.

“Biz ISHID o‘z imkoniyatlarini tiklash uchun har qanday vakuumdan foydalanishga harakat qilishini aniq tushunamiz. Biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Birgina bugun bizning qurolli kuchlarimiz Suriya hududida ISHID lagerlariga qaratilgan o‘nlab nuqtaviy havo zarbalarini amalga oshirdi”, — deya qo‘shimcha qildi Bayden.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi, o‘z navbatida, yakshanba kuni ISHIDning Suriyadagi 75 dan ortiq nishonlariga hujum qilganini ma’lum qildi. Hujumlarda B-52 bombardimonchi samolyotlari, F-15 qiruvchi samolyotlari va A-10 hujumchi samolyotlari ishtirok etdi.

Shu bilan birga, Isroil mudofaa armiyasi Suriya janubidagi va Damashqdagi qurol-yarog‘ omborlariga bir necha bor zarba bergani aytilmoqda. Reuters manbalarining xabar berishicha, Isroil bojxona va harbiy razvedka shtab-kvartirasi, shuningdek, Damashqdagi tadqiqot markaziga havo hujumlari uyushtirgan.