O‘zbekiston yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, ularni munosib haq to‘lanadigan ish bilan ta’minlashda Germaniya tajribasidan foydalanadi. Bu haqda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov 7-dekabr kuni prezident yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, davlat rahbari Germaniya tajribasini o‘rganish va shu asosda texnikumlar yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish va ularni dual ta’lim tizimiga (kadrlar tayyorlashning nazariy qismi ta’lim tashkiloti negizida, amaliy qism esa ish joyida olib boriladigan o‘quv turiga) o‘tkazish vazifasini qo‘ydi.
Gap Ausbildung dual ta’lim dasturi haqida ketmoqda, unda o‘quvchilar kasb-hunar maktabida tahsil oladi va shu bilan birga korxonada ham ishlaydi.
“Ausbildung tizimi uch kun ishlab chiqarish va ikki kun nazariy bilimni olishni o‘z ichiga oladi. Hozirgi kunda Germaniyada 50 foiz o‘rta bo‘g‘in sohasidagi kasbga ega bo‘layotgan yoshlar Ausbildung tizimi orqali o‘zining malakasini shakllantiradi. O‘zbekistonda ham shu tizim bo‘yicha hozir hamkorlik qilish bo‘yicha prezidentimizdan topshiriq oldik”, — dedi Oliy ta’lim vazirligi rahbari.
Kongratbay Sharipov Bandlik kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda dual ta’lim va ishlab chiqarish korxonalariga ega texnikumlarni o‘z ichiga olgan elektron Ausbildung platformasini yaratish rejalashtirilayotganini ta’kidladi. Talabalar texnikum va ish beruvchi bilan ushbu korxonada ishga joylashishni nazarda tutuvchi uch tomonlama shartnoma tuzadi.
“Hurmatli prezidentimiz tomonidan yana bir muhim topshiriq berildi. Germaniyada Ausbildung tizimi asosida ta’lim oladigan yoshlarimiz bir yil O‘zbekistonda ta’lim olishadi va qolgan ikki yilda Germaniyada ta’lim olishadi. Germaniyada ta’lim olish jarayonida ular bir paytning o‘zida ham o‘qiydi, uch kun o‘zi belgilangan korxonada ish faoliyatini davom ettiradi”, — dedi u.
Yig‘ilishda dual ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha texnikumlar va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikning ijobiy tajribasi qayd etildi. Xususan, Asaka transport va mashinasozlik texnikumi, Buxoro energetika, neft va gaz texnikumi, Shirin energetika texnikumi, shuningdek, G‘uzor va Shahrisabzdagi texnikumlarda mahalliy va xorijiy korxonalar bilan hamkorlikda zamonaviy mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Prezident mazkur jarayonda ishtirok etayotgan xususiy tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, ular uchun dual ta’limni kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini belgilab berdi.
Germaniya bilan birgalikda 14 ta texnikumda talab yuqori bo‘lgan kasblar va nemis tilini o‘qitish tashkil etildi. Hokimlar va soha rahbarlariga har bir hududdagi kamida beshta texnikumda shunday tajribani joriy etish topshirildi.
Ausbildung dasturi va migratsiya shartnomasi haqida
Ausbildung dasturi — Germaniya Mehnat vazirligi tomonidan nazariy va amaliy bilimlarni o‘zida mujassam etgan holda muayyan kasb-hunarni chuqur o‘rgatish maqsadida tashkil etilgan dastur
Dastur Germaniya fuqarolari va chet elliklar uchun mo‘ljallangan. Ausbildung doirasida dasturlash, elektrotexnika, turizm, chakana savdo, restoran biznesi, sog‘liqni saqlash, sanoat va boshqa 300 dan ortiq kasblardan birini tanlash mumkin.
Ba’zi nemis universitetlari ushbu dastur bo‘yicha o‘qitishni taklif qiladi, bu bakalavr darajasini ham, tugallangan kasbiy ta’limni ham olish imkonini beradi.
Bandlik vazirligi allaqachon Ausbildung dasturi orqali O‘zbekiston fuqarolarini ishga joylashtirish bilan shug‘ullanmoqda. Avgust oyida 13 nafar O‘zbekiston fuqarosi Germaniyaga ishlash uchun ketgan.
Sentabrda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida O‘zbekiston fuqarolarini nemis kompaniyalarida ishga joylashtirishni soddalashtirishga qaratilgan qator shartnomalar imzolangan edi. Bundan tashqari, Toshkentda hamshiralarni tayyorlash uchun Germaniya tibbiyot akademiyasi ochiladi va Deutsche Bahn kompaniyasi ishtirokida transport xodimlari uchun treninglar tashkil etiladi.
Germaniya kansleri Olaf Sholsning Samarqandga tashrifi doirasida 10 ga yaqin ikki tomonlama hujjatlar imzolangandi. Ularning orasida migratsiya va mobillik sohasida keng qamrovli hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim ham bor.
Bandlik vazirligining sobiq rahbari Behzod Musayev ushbu kelishuvni sharhlar ekan, joriy yilda 800 nafar o‘zbekistonlik hamshira Germaniyaga yuborilishini, ular kamida 2200 yevro maosh olishini ta’kidlagandi.
Sentabr oxirida O‘zbekistondagi barcha kollej va kasb-hunar maktablari texnikumlarga aylantirilishi, binolarning bir qismi maktablar uchun berilishi rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘lgandi. Texnikumlar qisman akademik mustaqillikka ega bo‘ladi va pullik xizmatlar ko‘rsata oladi. Ulardan 14 tasida Britaniyaning BTEC dasturi joriy etiladi.