O‘zbekistonda birja savdolariga chiqarilayotgan kunlik avtobenzin hajmi ikki baravar oshiriladi. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Sovuq havo oqimi natijasida ayrim hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga kiritilayotgan qisqa muddatli cheklov munosabati bilan birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzin hajmi vaqtinchalik oshiriladi.

Vazirlik axborot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, buning uchun barcha hududlarda zarur miqdorda zaxiralar yaratilgan. Talab va taklifga qarab birja savdolariga joylashtirilayotgan avtobenzin hajmini yanada oshirish imkoniyati mavjudligi ma’lum qilinadi.

“Iste’molchilarning avtobenzinga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish masalasi davlat nazoratiga olingan”, — deyiladi Energetika vazirligi xabarida.

Ta’kidlanishicha, joriy kuz-qish mavsumida mamlakat aholisini avtobenzin bilan zarur miqdorda hamda uzluksiz ta’minlash yuzasidan barcha zaruriy choralar ko‘rilgan.

Vazirlik xususiy avtozapravkalar egalaridan narxlarni sun’iy ravishda oshirmaslikni, benzinni sifat va miqdor jihatidan to‘g‘ri sotishni so‘ragan. Ayni vaqtda ishchi guruhlar tomonidan nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Narxlarning asossiz ravishda oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘yilmasligi eslatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Energetika vazirligi keskin sovuq sharoitida aholini uzluksiz energiya ta’minoti bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot bergandi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda mamlakat hududiga sovuq havo oqimi kirib kelishi tufayli energiya resurslariga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshgan. Kunlik tabiiy gaz iste’moli o‘tgan haftaga nisbatan 20 foizga, elektr energiyasi iste’moli esa 15 foizga ko‘paygan.

Aholi va ijtimoiy soha obyektlarini energiya bilan ta’minlovchi inshootlar 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazildi. Ishlarning bajarilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatildi. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish vaqti o‘tgan yilga nisbatan 3−3,5 soatdan 1−1,5 soatga qisqartirildi, deyiladi xabarda.

“Oldingi yillarda generatsiya quvvati tanqisligi tufayli majburiy cheklovlar kiritilgan bo‘lsa, yangi ishga tushirilgan quvvatlar hisobiga joriy yilda cheklovlar kiritilishi bartaraf etildi”, — deb ta’kidladi vazirlik.

Tabiiy gazga bo‘lgan talabning keskin oshishi gaz uzatish tizimining maksimal quvvatda ishlashiga, jumladan, yer osti omborlaridan maksimal kunlik gaz olish va tarmoqqa uzatilishiga qaramay, gaz quvurlaridagi bosimning pasayishiga olib keldi, deyiladi xabarda.

Energetika vazirligi aholi xonadonlari va ijtimoiy obyektlarni (tibbiyot, maktab, maktabgacha ta’lim, oliy ta’lim muassasalari va boshqalar) gaz bilan ta’minlashni ustuvor vazifa sifatida belgiladi. Shu bois hokimiyatlar bilan hamkorlikda grafiklar ishlab chiqildi, unga ko‘ra, iste’moli yuqori bo‘lgan ayrim hududlarda gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishi rejalashtirilmoqda.