Farg‘onalik fuqarolar Jizzaxda yirik miqdordagi qalbaki pullarni muomalaga kiritishga uringanida ushlandi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tezkor tadbirida Farg‘ona viloyatida yashovchi 1980, 1983 va 1989-yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro qo‘lga olindi. Aniqlanishicha, ular o‘zaro til biriktirib, qalbaki 998 million 740 ming so‘m pulni Jizzax viloyatida 27200 dollarga sotmoqchi bo‘lgan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur shaxslardan olingan 200, 100 va 20 ming so‘mlik kupyuralar ko‘rinishidagi qalbaki banknotlar purkagichli printer yordamida chop etilgani ma’lum bo‘ldi.

Ta’kidlanishicha, qonunbuzarlarning 2 nafari muqaddam sudlangan shaxslar hisoblanadi.

Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.