Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) delegatsiyasi ilk bor Yevropa Ittifoqining imtiyozlar tizimini amalga oshirish masalalari bo‘yicha ishchi guruhi (GSP+) yig‘ilishida ishtirok etdi. Tadbir 4−5-dekabr kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston tomoni 2021-yilda GSP+ benefitsiar maqomini olganidan buyon amalga oshirilgan ishlar natijalarini taqdim etdi. Ushbu davr mobaynida YeIga eksport qariyb uch baravarga oshib, 1,15 milliard dollarga yetgan. Shuningdek, 6200 dan ortiq imtiyozli tovar turidan 1100 ga yaqin mahsulot, xususan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, to‘qimachilik, elektrotexnika va kimyo mahsulotlari uchun barqaror eksport yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston delegatsiyasi GSP+ doirasida imtiyozli tovarlar ro‘yxatini yangi uzilgan mevalar va sabzavotlar bilan kengaytirishni taklif qildi. Shuningdek, mavsumiy eksport kvotalarini qayta ko‘rib chiqib, ularning muddatini uzaytirishni tavsiya etdi. Bu mahsulotlar yetkazib berish barqarorligini ta’minlab, Yevropa bozorida o‘zbek tovarlarining raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi.
Bundan tashqari, ISSV vakillari erishilgan natijalarni mustahkamlash va YeI bilan uzoq muddatli iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun GSP+ imtiyozli rejimi amal qilish muddatini yana 10 yilga uzaytirish taklifi bilan chiqdi (u hozirda 2027-yil 31-dekabrgacha amal qiladi).
Yevrokomissiyaning savdo va xalqaro hamkorlik departamentlari rahbarlari bilan uchrashuvlar chog‘ida o‘zbek tovarlarining Yevropa bozoriga kirish shartlarini yaxshilash masalalari, jumladan, prokatlangan metall mahsulotlari uchun import kvotalarini qayta ko‘rib chiqish va o‘zbek mahsulotlarini Yevropa standartlariga moslashtirish uchun YeI tomonidan texnik ko‘mak jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
GSP+ — Yevropa Ittifoqi tomonidan taqdim etiladigan Umumiy imtiyozlar tizimi (GSP)ning kengaytirilgan ko‘rinishi. U rivojlanayotgan davlatlarda barqaror taraqqiyotga yordam berish va kambag‘allikni kamaytirish maqsadida ularning mahsulotlarini YeI bozoriga kirishini yengillashtirish uchun ishlab chiqilgan savdo tizimidir.