Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov gidroenergetika sohasidagi imkoniyatlardan foydalanmaslik xiyonat bo‘lishini aytdi.
Unga ko‘ra, mamlakatda gidroenergetika salohiyatidan foydalanish dasturi ishlab chiqilmoqda.
“Buni ahamiyati, eng avvalo, mavjud resursdan unumli foydalanish. Mana hozir ko‘rib turganimiz kichik GES, Ugam daryosi, suv shundoq ham baribir oqib ketardi. Va muhimligi bu — ayrim GES turlaridan ko‘ra, bu yil bo‘yi ishlaydigan GES”, — dedi Energetika vazirligi rahbari “O‘zbekiston 24” telekanalining “Menimcha” ko‘rsatuviga bergan intervyusida.
Jo‘rabek Mirzamahmudov uzoq masofalardan yirik elektr tarmoqlarini yotqizish o‘rniga hududning mavjud imkoniyatlaridan foydalanish iqtisodiy jihatdan foydali ekanini ta’kidladi. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, kichik GESlar qurilishi mahalliy obyektlarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlashga va tarmoqdagi yo‘qotishlarni kamaytirishga olib keladi.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, O‘zbekiston hududlarida kichik va mikro GESlar qurish dasturi ishlab chiqilmoqda.
“Irrigatsiya kanallari, boshqa ko‘p yerlar betonlashtirilyapti va betonlashganda suv oqimi tezligi ko‘payadi. Albatta, undan foydalanmaslik xiyonat ham hisoblanadi. Shuning uchun alohida dastur qilib, bu yo‘nalishlarda respublika bo‘yicha o‘rganishlar olib borildi. Hozirgi kungacha 2000 ga yaqin bundan ham kichik GES qurish imkoniyatlari o‘rganildi. Navoiy viloyatiga prezidentimiz tashrifi chog‘ida ikkita mahalliy korxona bilan gaplashilib, hozir o‘sha ishlab chiqaruvchilar o‘zi 100 foiz mahalliylashtirilgan kichik GESlar ishlab chiqarish bo‘yicha ishlarni olib borishyapti”, — dedi u.
Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayevning aytishicha, dastlab 1000 ta mikro GES qurish uchun istiqbolli obyektlar aniqlangan, biroq tanqidlardan keyin ularning soni 2000 taga yetkazilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularning qurilishi allaqachon boshlangan
Ayni paytda Ugam daryosida har biri yiliga 200 milliard so‘mlik daromad keltiruvchi ikkita kichik GES qurilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur inshootni borib ko‘rar ekan, suv oqimidan qayta foydalanish orqali bunday stansiyalar sonini 10 taga yetkazish mumkinligini ta’kidladi.
“Men buni tashkil qilganimda, hech kim ishonmasdi-ku, yo‘q edi bunday narsalar. Kichkinagina to‘g‘on. Yo‘q joydan pul. 200 milliard bir yilga. Bu bittasi. O‘nta bo‘lsa, 2 trillion [so‘m]. Kim beradi bizga [buncha pulni]?” — dedi davlat rahbari.
“O‘zbekgidroenergo” boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov prezidentga 2025-yilda 11 ta yangi loyiha, jumladan, umumiy quvvati 225 MVt bo‘lgan, 1,2 kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradigan 10 ta GESni amalga oshirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Toshkent viloyatida umumiy quvvati 1330 MVt bo‘lgan 25 ta GES faoliyat ko‘rsatmoqda, bu esa respublika umumiy gidroenergetika quvvatining 60 foizini tashkil qiladi. Ayni paytda umumiy quvvati 340 MVt, qiymati 880 million dollar bo‘lgan yana to‘rtta GES qurilmoqda. 2028-yilga qadar umumiy quvvati qariyb 2400 MVt bo‘lgan 4,8 milliard dollarlik 23 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. “Ugam-1” kichik GESning quvvati 1,48 MVt bo‘lib, yiliga 11,8 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.