10-dekabr kuni Isroil Suriyadagi 250 dan ortiq harbiy obyektga hujum qildi, deb xabar berdi BBC rus xizmati. Bu Isroil harbiy-havo kuchlari tarixidagi eng yirik zarba berish operatsiyalaridan biri bo‘ldi.

Suriyada harbiy bazalar, o‘nlab qiruvchi samolyotlar, havo-raketa majmualari, ishlab chiqarish maydonlari va raketa omborlari hujumga uchradi.

Londonda joylashgan Suriya inson huquqlari monitoringi markazi (SOHR) ham hujum haqida xabar bermoqda. Qayd etilishicha, bombardimon tufayli mamlakatning aksariyat hududlarida, jumladan, Hama va Homs viloyatlarida, shuningdek, Rossiya harbiy bazalari joylashgan Latakiyada eng muhim harbiy obyektlar, aviabazalar va omborlar yo‘q qilingan. U yerda Isroil port yaqinidagi havo mudofaasi obyektiga, shuningdek, harbiy omborlarga zarba bergan.

The Times of Israel ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil samolyotlari mamlakatning shimoli-sharqida, Homs viloyatida va Damashqning janubi-g‘arbida o‘nlab vertolyot va samolyotlar joylashgan kamida uchta yirik Suriya harbiy aviabazasini bombardimon qilgan.

AFP jurnalistlari Damashqda kuchli portlashlar eshitganini ma’lum qildi. SOHR ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil Damashqda Radioelektron kurash boshqarmasi shtab-kvartirasi va o‘q-dori omborlariga hujum qilgan.

Isroilning Golan tepaligidagi operatsiyasi

NYT nashriga ko‘ra, dam olish kuni Isroilning quruqlikdagi qo‘shinlari demilitarizatsiya zonasidan chiqib, 1973-yildan beri Suriya hududiga birinchi marta bostirib kirdi va chegara bo‘ylab “mudofaa operatsiyalari” deb atalayotgan ishlarni davom ettirayotganini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, SAXAL “vaziyatni baholash va tayyorgarlikni oshirish doirasida” quruqlik va havo kuchlarini Golan tepaliklari sektoriga o‘tkazishni e’lon qildi. Mudofaa idoralari ham front ortidagi hududlarga safarbar etildi. SAXAL bayonotida aytilishicha, armiya “bufer zona va uning mudofaasi uchun zarur bo‘lgan bir nechta boshqa joylarga” kuchlarini joylashtirdi, ammo Suriyadagi ichki voqealarga aralashmoqchi emas.