Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston qanday qilib gaz eksport qiluvchi davlatdan ushbu yoqilg‘ining sof importchisiga aylangani haqida gapirdi. Bu haqda u 5-dekabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanda fikr bildirdi, deb e’tibor berdi Spot.

Unga ko‘ra, asosiy maqsad — YAIM o‘sishi (yiliga 5−6 foiz), aholi va uning farovonligi, qurilish ishlari va yangi loyihalar sharoitida mamlakat taraqqiyotini energiya bilan barqaror ta’minlash. Uning fikricha, uzoq muddatda uglerod neytralligi va nol chiqindiga erishish uchun energiya balansida atom energiyasi ham bo‘lishi kerak.

U O‘zbekiston bu maqsadga bosqichma-bosqich yaqinlashayotganini ta’kidladi. Energetika vazirligi rahbari so‘nggi yillarda energetika sohasida amalga oshirilgan islohotlar, jumladan, davlat ulushidagi korxonalar transformatsiyasi, elektr energiyasi ishlab chiqarish, uzatish va sotish bo‘yicha funksiyalar taqsimotini sanab o‘tdi. Bu xususiy investorlarni jalb qilish imkonini bergan.

“Bir raqamni qayd etmoqchiman. Mustaqillikka erishilgan 1991-yildan 2016-yilgacha bo‘lgan 25 yil davomida biz tizimga atigi 2,2 GVt yangi quvvatni kiritdik. Bu vaqtda O‘zbekiston iqtisodiyoti har yili qariyb 8 foizga o‘sayotgan edi”, — dedi u.

Mirzamahmudov prezident Shavkat Mirziyoyevning birinchi ustuvor vazifasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqarishning 85 foizini ta’minlaydigan gaz tarmog‘ini modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish ekanini ta’kidladi. 2017-yildan buyon O‘zbekistonda 12 GVtga yaqin quvvat, jumladan, yangi issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirildi.

Mamlakat 2030-yilgacha qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini 40 foizga yetkazishni rejalashtirmoqda.

“Dunyo o‘zgarib, jahon iqtisodiyoti Osiyo tomon siljishi bilan biz energiya resurslarining sof eksportyoridan sof importyoriga aylanib qoldik. Shu nuqtai nazardan uzoq muddatli istiqbolda biz atom energiyasini energobalansning zarur qismi sifatida ko‘rib chiqyapmiz”, — dedi energetika vaziri.

Jo‘rabek Mirzamaxmudov AES qurish va uni umumiy energiya balansiga qo‘shish rejalarga kiritilganini ta’kidladi. Biroq O‘zbekiston bu loyiha qanday va qachon amalga oshirilishini MAGATE va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda belgilamoqchi.

“Bizda IES, GES, quyosh va shamol elektr stansiyalarini boshqarish bo‘yicha tajriba bor, ammo AES nafaqat xalqimiz, balki butun dunyo oldidagi mas’uliyatni talab qiladi. Biz bilamizki, atom energetikasi hamjamiyati juda birlashgan. Har qanday davlatdagi har qanday muammo hammaga tegishli. Shuning uchun biz bosqichma-bosqich yondashuvga egamiz, qadam-baqadam mutaxassislarni o‘rganamiz, sinovdan o‘tkazamiz va o‘qitamiz, eng xavfsiz va ishonchli texnologiyalarni tanlab, davom etamiz”, — deb ishontirdi u.

2023-yilda O‘zbekiston eksport qilganidan ko‘ra ko‘proq gaz importini amalga oshirdi. Yetkazib berish orasidagi farq 165 mln dollardan oshdi. “Gazeta.uz” mamlakat ichida ulkan gaz zaxiralari bo‘lishiga qaramay, bu holat yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan omillarni o‘rganishga harakat qilgandi.