5-dekabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonunga maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularni boshqarish tizimini soddalashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Hujjatda qayd etilishicha, MIZ direksiyalari yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali ajratish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha yaratilgan shart-sharoitlardan to‘liq foydalanish imkoniyatiga ega emas. Bundan tashqari, MIZ hududida faoliyat yuritish istagini bildirgan investorlar uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish ularning direksiya va davlat organlari bilan hamkorlik jarayonlarini avtomatlashtirishni taqozo etadi.
Qonun bilan “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonunga maxsus iqtisodiy zonalar ma’muriy kengashlarini tugatish va ularning vazifalarini direksiyalar zimmasiga yuklashni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, qonunda MIZ hududida investitsiya loyihalarini joylashtirish bo‘yicha qarorlar qabul qilish muddatlarini maqbullashtirish va biznes-reja ekspertizasining xulosasini yoki investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishini olish bo‘yicha talablarni bekor qilish, loyihalarning qonun talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosani direksiyalar tomonidan mustaqil ravishda qabul qilinishi to‘g‘risidagi normani belgilash nazarda tutilmoqda.
Qabul qilingan qonun ushbu sohadagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilayotgan maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini boshqarish va muvofiqlashtirish tizimini yanada soddalashtirishga, investitsiyalarni jalb etish uchun shart-sharoitlarni yaxshilashga, investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirishga va shu asosda yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 6-dekabrdan kuchga kirgan.