Dam olish kunlari sovuq tushishiga sabab bo‘lgan sovuq havo massalari ushbu hafta davomida respublika hududidan asta-sekin chekina boshlaydi va havo harorati iqlim me’yoriga yaqinlashadi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet agentligi.
10−13-dekabr kunlari respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat 13-dekabr kuni shimolda ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘adi.
14-dekabrda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, shimolda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin.
10−14-dekabrda harorat kechalari −5…−8 darajadan +2…+5 darajagacha, kunduz kunlari 0…+3 darajadan +9…+12 darajagacha ko‘tariladi. Respublika shimolida harorat kechalari −8…−13 darajadan −2…−7 darajagacha, kunduz kunlari 0…-5 darajadan 0…+5 darajagacha ko‘tariladi.
Shamol 7−12 m/s tezlikda esadi, 13−14-dekabrda ayrim joylarda 13−18 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Toshkent shahrida 10−13-dekabr kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. 14-dekabrda kunning ikkinchi yarmida yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat kechalari −6…−8 darajadan +3…+5 darajagacha, kunduz kunlari 0…+2 darajadan +10…+12 darajagacha asta-sekin ko‘tariladi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Shamol 3−8 m/s tezlikda esadi.
Yakshanba kuni O‘zbekiston hududiga yana sovuq havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. Respublika bo‘yicha yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi, havo harorati keskin pasayadi.