10-dekabr kuni Rossiya Davlat dumasi migrantlarning rus tilini bilmaydigan farzandlarini maktabga qabul qilishni taqiqlovchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Bu haqda Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

“Umumta’lim tashkilotlariga qabul qilishda bolaning Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lishining qonuniyligini, shuningdek, uning rus tilini bilish darajasini tekshirish majburiyatini olish taklif etiladi”, — deb yozdi Volodin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tanlanma kuzatuv ma’lumotlari shuni ko‘rsatdiki, o‘quv yili boshida migrant bolalarning 41 foizida “rus tilini bilish bilan bog‘liq qiyinchiliklar” mavjud.

Qonun loyihasi 11-dekabrda ikkinchi va uchinchi o‘qishda ustuvor tartibda ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan, deya qo‘shimcha qildi Volodin. Qabul qilingandan so‘ng u 2025-yil 1-apreldan kuchga kirishi kerak.

Qonun loyihasi yakuniy ma’qullangan taqdirda, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 78-moddasiga o‘zgartirishlar kiritiladi. Loyihaga ko‘ra, o‘qishga kirish uchun migrantlarning farzandlari test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tishi kerak, deya aniqlik kiritdi RBK. Uni o‘tkazish tartibini Rossiya Ta’lim vazirligi belgilaydi.

Rossiya Davlat dumasi vitse-spikeri va qonun loyihasi muallifi Irina Yarovaning ta’kidlashicha, agar bola testdan o‘ta olmasa, ota-onalar bola tilni yaxshi bilganidan keyingina maktabga ariza bilan murojaat qilishlari mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday urinishlar soni cheklanmagan.

Qonun loyihasida Rossiya maktablarida ta’lim olayotgan migrantlar farzandlarining aniq soni ko‘rsatilmagan, deya qayd etadi RBK. Nashr iqtibos keltirgan Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasining Amaliy iqtisodiy tadqiqotlar instituti tadqiqotiga ko‘ra, 2023-yilda ularning soni 181,5 ming kishiga baholangan.

  • Sentabr oyida Rossiya Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin mehnat muhojirlariga o‘z oilalarini mamlakatga olib kelishni taqiqlovchi qonun loyihasi tayyorlanayotganini ma’lum qilgandi.
  • 1-dekabrdan Rossiyada chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan mamlakatga kirishda biometrik ma’lumotlarni topshirish bo‘yicha eksperiment boshlandi.