Janubiy Koreya Milliy assambleyasi (parlamenti) harbiy holat joriy etilishi munosabati bilan prezident Yun Sok Yolga nisbatan tergov olib borish uchun doimiy maxsus prokuror tayinlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi, deb xabar bermoqda Yonhap.

Tashabbusni 210 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi, 63 nafari qarshi chiqdi, 14 nafari betaraf qoldi. Tergov isyonchilikda ayblanganlarga taalluqli.

Qonun loyihasida sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon va armiya shtab boshlig‘i general Pak An Sun tilga olingan. Tergov qilinishi kerak bo‘lgan shaxslar ro‘yxatiga bosh vazir Xan Dok Su va kontrrazvedka qo‘mondoni Yo In Xyon ham kiritilgan.

Ta’kidlanishicha, odatdagi maxsus prokuror tekshiruvidan farqli o‘laroq, prezident doimiy maxsus prokuror tayinlash to‘g‘risidagi qonun loyihasiga veto qo‘yish huquqiga ega emas, ammo tayinlashning o‘zini kechiktirishi mumkin.

Bundan tashqari, parlament Yun Sok Yol va yana yetti mansabdor shaxsni tezroq hibsga olishni talab qiluvchi rezolyutsiya qabul qildi. Unga 191 deputat ovoz berdi, 94 nafari qarshi chiqdi, uch nafari betaraf qoldi.

Muxolifatdagi “Toburo” demokratik partiyasi ham Adliya vaziri Pak Son Je va Milliy politsiya agentligi rahbari Cho Chji Xoni impichment qilish jarayonini boshlashni rejalashtirayotganini e’lon qildi. Taklif shanba kuni ovozga qo‘yiladi.

Bir kun avval Janubiy Koreya Adliya vazirligi davlatga xiyonat jinoyati bo‘yicha tergov o‘tkazilayotgan bir paytda prezidentning mamlakatni tark etishini taqiqlagandi. Shuningdek, u o‘z vakolatini suiiste’mol qilish bo‘yicha gumon qilinuvchi hamdir. Ishlar harbiy holat joriy etilishi bilan bog‘liq bo‘lib, bir vaqtning o‘zida politsiya, prokuratura va korrupsiyani tergov qilish boshqarmasi tomonidan tergov qilinmoqda.

  • 3-dekabr kuni kechqurun prezident Yun Sok Yol Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilgandi. U buni konstitutsiyaviy tartibni “kommunistik kuchlar”dan himoya qilish zarurati bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bunday chorani mamlakatni inqirozga olib kirishga urinayotgan muxolifat harakatlari tufayli qo‘llagan.
  • Parlament deputatlari prezident qaroriga qarshi chiqib, uni bekor qilish uchun ovoz berdi, shundan so‘ng prezident o‘z farmonini qaytarib olishga rozi bo‘ldi.
  • 4-dekabr kuni muxolifatdagi partiyalar parlamentga Yun Sok Yol impichmenti bo‘yicha taklif kiritdi. Prezident impichmenti uchun parlament deputatlarining 2/3 qismi (jami 300 o‘rin) ovoz berishi kerak.
  • Shuningdek, Janubiy Koreya politsiyasi Yun Sok Yolni davlatga xiyonatda gumon qilib, tergov boshlagani ma’lum bo‘ldi.