Yangi yil bayrami munosabati bilan respublika oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar uchun poyezd chiptalariga chegirma e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” matbuot xizmati.

Chegirma 23-dekabrdan 10-yanvargacha mahalliy yo‘nalishdagi qatnovlar uchun amal qiladi. Bunda yo‘lovchi poyezdlarining temiryo‘l hujjatining to‘liq qiymatidan 50% chegirma (SV/VIP klass vagonlaridan va yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlaridan tashqari) taqdim etiladi.

Chiptalarni sotib olish uchun talabalar pasport bilan temiryo‘l kassalariga tashrif buyurishi yoki elektron tarzda chipta xarid qilishda eticket.railway.uz saytidan foydalanishi mumkin.

Avvalroq Uzbekistan Airways ham talabalar uchun barcha mahalliy aviaqatnovlarning ekonom-klass aviachiptalari tariflariga 50 foizgacha chegirma e’lon qilgani haqida yozgandik.

Eslatib o‘tamiz, OTM talabalari va texnikum, kasb-hunar maktabi, akademik litseylar o‘quvchilari 25-dekabrdan qishki ta’tilga chiqadi. Darslar 8-yanvardan boshlanadi.