Muhammad al-Bashir suriyalik isyonchilar tomonidan tashkil etilgan Suriyaning o‘tish davri hukumati rahbari etib tayinlandi, deb xabar bermoqda Al Jazeera.
U 2025-yilning 1-martigacha Suriya bosh vaziri vazifasini bajaradi.
Ilgari al-Bashir 2017-yilda “Hayat Tahrir ash-Shom” (HTSH) guruhi tomonidan tuzilgan Suriya muxolifatiga muqobil hukumat — isyonchi Najot hukumatini boshqargan. Tuzilma fuqarolar urushi davrida HTSH tomonidan bosib olingan Idlib viloyatini nazorat qilgan.
Noyabr oyi oxirida Suriyada hukumat kuchlariga qarshi kechgan hujum boshida aynan HTSH turgandi. 8-dekabrga o‘tar kechasi isyonchilar Suriya poytaxti Damashqqa bostirib kirib, prezident Bashar Asad rejimi ag‘darilganini e’lon qildi. U mamlakatni 24 yil, oilasi esa 1971-yildan beri boshqarib kelayotgandi.
Asadning o‘zi mamlakatni tark etib, oila a’zolari bilan birga Rossiyadan boshpana oldi.