Ushbu sharh “O‘zgidromet"ning qisqa va o‘rta muddatli ob-havo prognozlari asosida tuzilgan bo‘lib, u bevosita ob-havo prognozi emas.

Bu kabi sharhlar ob-havo byurolarining prognozlaridagi raqamlar, hodisalarni oddiy tilda tushuntirish imkonini beradi. Ayrim nuqtalarda “O‘zgidromet” hali taqdim etishga ulgurmagan axborot xalqaro ob-havo prognozi markazlarining ma’lumotlari bilan to‘ldirilgan — bu ham prognozlarni sharhlash amaliyotida tasdiqlangan samarali usuldir.

Bir qator xalqaro operativ prognostik ob-havo modellari 8-dekabr kuni Markaziy Osiyodan bulutlar to‘liq chekinayotganini tasdiqlovchi kosmik tasvirlarni uzatdi. Bu bilan haftaning birinchi yarmida O‘zbekistonga quruq va juda sovuq haroratni taqdim etuvchi keng masshtabli antitsiklon chuqur ta’sir etishi oydinlashadi.

Manba: Windy.comManba: Windy.com

Sovuq antitsiklon O‘zbekistonga dushanba va seshanba kunlari chuqur ta’sir etsa, chorshanbada asta-sekin chekinish fonida harorat birmuncha ko‘tarilib borishi kutiladi. Bu shunday jarayonki, atmosferaning 3−4 km balandlikdagi sovuq havo go‘yoki pastga bosib turilayotgandek manzarani aks ettiradi. O‘zbekiston payshanba kuniga qadar ana o‘sha markazida atmosfera bosimi 1050 gPa gacha bo‘lgan antitsiklon chekkasining chuqur ta’sirida bo‘lishi oydinlashyapti.


Aynan shu ta’sir oqibatida seshanba-chorshanba kunlari havo harorati mamlakatning juda katta qismida kunduz kunlari ham nol daraja va undan biroz yuqori bo‘lishi ta’minlanadi. Tungi havo harorati ham −5…−10 darajaga, respublikaning shimoli va tog‘larida −13…−18 darajagacha sovuq bo‘lishi prognoz qilingan. “O‘zgidromet” bu to‘g‘rida tezkor gidrometeorologik xabar ham e’lon qilgan edi.

Payshanba kunidan esa janubdan iliqlik mintaqaga faol ta’sir eta boshlab, respublikaning katta qismida harorat asta-sekin ko‘tarilib boradi. Janubiy viloyatlarda payshanbadan yakshanbaga qadar hatto tungi harorat minimumlari ham musbat haroratga yaqinlashib qoladi. Dam olish kunlari esa uzoq g‘arbdan nam havo oqimi mintaqaga navbatdagi yog‘ingarchiliklarni olib kelishi mumkin.

Seshanba-payshanba kunlari antitsiklon chekkasi ta’sirida tekisliklarda tong otishi va Quyosh botishidan so‘ng qalin tuman hodisalari kuzatilishi, Farg‘ona vodiysi viloyatlarining tekislik hududlarida bunday hodisalar uzoqroq davom etishi, bulduruq yuz berishi mumkin. Oddiy qilib aytganda, O‘zbekistonda haftaning ish kunlari yog‘ingarchiliksiz quruq o‘tadi.

Shu bilan birga, shanba kuni Kaspiy dengizi janubiy qismidan kirib kelishi kutilayotgan nam havo oqimi yog‘ingarchiliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Yog‘inli bulutlardan dastlab yomg‘ir, keyinroq qor yog‘ishi kutilmoqda.

“O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, 10-dekabr kuni respublika bo‘ylab — janubiy viloyatlardan tashqari — juda sovuq, quruq harorat kuzatiladi. Havo harorati shimolda kunduz kuni −0…−5 daraja sovuq, boshqa hududlarda -3 daraja sovuq…+2 daraja iliqqacha, janubda +2…+7 darajagacha iliq, tog‘larda −3…−8 daraja sovuqqacha o‘zgarsa, tunda shimolda −8…−13 daraja, tog‘larda −13…−18 darajagacha sovuq kutiladi. Boshqa hududlarda ham (janubiy viloyatlardan tashqari) harorat minimumlari -8 daraja atrofida kutiladi. Joylarga tuman tushib, ba’zi yo‘llarda yaxmalak hodisalari kuzatiladi.

Sinoptiklar 11−13-dekabr kunlari O‘zbekistonda quruq, yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatilib, aholi kunduz kunlari asta-sekin haroratning ko‘tarilib borishiga guvoh bo‘lishini ma’lum qilgan. 13-dekabr kuniga borib janubda harorat +14 darajagacha yetsa, respublikaning shimolida +3…+8 daraja, boshqa hududlarda +5…+10 darajagacha ko‘tariladi. Faqat Farg‘ona vodiysida ehtimoliy qalin tumanlar sabab, birmuncha past harorat kutiladi.

Ammo haroratning sezilarli ko‘tarilib borishi tungi muddatlar uchun unchalik xos emas — 13-dekabr kuniga qadar joylarda tunda harorat minimumi xuddi hafta boshidagiga juda yaqin, nol darajadan ancha past sovuq bo‘lib turadi. Bu sanalarda ham joylarga qalin tuman tushib, 11-dekabr kuni vodiy viiloyatlari yo‘llarida yaxmalak hodisalari kuzatilishi mumkin.

Shanba va yakshanba kunlari harorat hafta boshi va o‘rtalariga nisbatan sezilarli ko‘tariladi, sovuqlikdan “zada bo‘lganlar” haroratning sezilarli ko‘tarilayotganini tanasida his qila boshlaydi. Respublikaning katta qismida kunduz kunlari harorat +7…+12 darajagacha, janubda +15 darajagacha yetadi. Tunda ham harorat minimumlari asta-sekin nol darajaga yaqinlashib qoladi. Shanba-yakshanba kunlari ehtimoliy nam havo oqimining mintaqaga kirib kelishida “O‘zgidromet"ning har kuni yangilanadigan qisqa muddatli ob-havo prognozlari orqali aynan qaysi viloyatlarga yog‘ingarchilik tushishini aniqroq bilib olish mumkin.

Umuman, hafta davomida umumiy harorat foni yilning shu davri uchun mos iqlimiy me’yordan ancha past sovuq kutiladi.

Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri

O‘zbekiston hafta boshlarida antitsiklonning ta’sir doirasida bo‘lishi, boz ustiga, mazkur antitsiklonda atmosfera bosimi 1035 va 1045 gPaga yaqin bo‘lishi oqibatida aholi antitsiklon ta’sirni o‘z tanasida his qiladi.

Dushanbadan payshanbaga qadar bunday yuqori atmosfera bosimi inson salomatligiga, ayniqsa, allergik, astmatik hamda qon bosimi xastaliklaridan aziyat chekayotgan kishilarga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu tur bemorlar havodagi turli ko‘rinmas mayda zarrachalarga ta’sirchan (agressiv) bo‘ladi, aksiga olib, antitsiklon vaqtidagi tinch ob-havo sharoitida bu kabi zarralar havoda ko‘p muddat muallaq saqlanadi.

Yuqori bosimli davomiy antitsiklon ta’siri inson tanasida bosh va yurak og‘rig‘i, ishchanlikning sustlashuvi, umumiy zaiflik bilan namoyon bo‘ladi. Atmosfera bosimining ko‘tarilishi qondagi leykotsitlar sonini kamaytirib, organizmning himoya funksiyalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bularning bari inson salomatligini sezilarli darajada yomonlashtiradi va turli yuqumli kasalliklarga moyil qilishi mumkin.

Tavsiyalar. Antitsiklon ta’sirlarga moyil kishilar tongda tetiklashtiruvchi yengil dush qabul qilishi, yengil gimnastika mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishi hamda ovqatlanish ratsioniga kaliy moddasiga boy mevalarni qo‘shishi tavsiya etiladi. Immun va asab tizimini zo‘riqtirmaslik maqsadida kundalik ish tartibini ham ma’lum muddat biroz o‘zgartirish lozim. Iloji bo‘lsa, ko‘proq dam olgan ma’qul.

Antitsiklon quruq sovug‘i va uning inson salomatligiga ta’siri haqida 8−11-dekabr kunlari sovuqlik to‘lqinidan himoyalanishda aholiga zarur tavsiyalar bilan bog‘liq avvalgi materialda tanishish mumkin. O‘zbekistonda antitsiklon jarayonlari ta’siri 1,5−2,5 sutkagacha, juda kam hollarda 3,5 sutkagacha davom etishi mumkin.

Haftaning ikkinchi yarmidan boshlab antitsikloning mintaqadan chekinishi kuzatiladi va kutilajak ob-havo sharoiti inson salomatligiga ta’sir ko‘rsatmaydi.

Haftaning ish kunlari kuchli shamollar bo‘lishi ehtimoli deyarli yo‘q. O‘z-o‘zidan, atmosfera bosimining qisqa vaqt ichida keskin o‘zgarishi ehtimoli ham past. Shunday ekan, joriy hafta ish kunlari tabiiy ob-havo muhitining ichki qon bosimiga ta’sir etishi xavfi baland emas. Ammo dam olish kunlari nam havo oqimi, katta ehtimol, kuchli shamollar bilan kirib keladi. Bu vaqtda atmosfera bosimining qisqa vaqt ichida keskin o‘zgarishi, ya’ni “barik tubsizlik” hodisasi ro‘y berishi mumkin. Bu hodisa va unda qanday choralar ko‘rish lozimligi haqida avvalgi materiallarda ma’lumot berilgan.

Bioiqlimiy sharoitlar

Joriy hafta boshida mintaqaga antitsiklonning chuqur ta’siri oqibatida shimol va cho‘l hududlarida istiqomat qiluvchi aholi kechki, tungi va tonggi muddatlarda ochiq havoda kuchli sovuqlik stresslariga uchrashi mumkin. Oddiy qilib aytganda, hafta davomida qalinroq kiyinish kerak bo‘ladi. Bunda, qo‘lqop va jun paypoqlardan foydalanish juda muhim. Ayniqsa, haftaning seshanba kuni bosh va yirik qon tomirlari joylashgan bo‘yin qismini issiq tutish talab etiladi.

Aholi ish haftasining boshida tashqarida harakatlanishda barcha vaqtlarda qalin kiyinishi, boshga qalpoq kiyib olishi tavsiya etiladi. Hafta o‘rtalarida kunduzgi muddatlarda kunlar biroz iliy boshlaydi, ammo tungi vaqt uchun bunday deb bo‘lmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, respublika aholisi joriy hafta boshida haqiqiy qish nafasini his etadi.

Kosmik ta’sirlar

O‘zbekistonliklar hafta davomida kuchli magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlaridan ta’sirlanmaydi. Chunki ko‘plab prognoz modellari Quyosh fotosferasidagi sokinlik sabab, Yer magnitosferasida ham kuchli magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlari bo‘lmasligini taxmin qilgan. 8-dekabr kuni Quyosh sirtida Toshkent vaqti bilan soat 13:50 dan 14:10 ga qadar yuz bergan X sinfiga mansub kuchli chaqnash bir oycha davom etgan sokinlikni “buzdi”. Mazkur chaqnashdan ajralgan Quyosh shamoli Yerga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir etmasa-da, chorshanba kuni 3−4 ballik magnit bo‘roni qo‘zg‘alishini keltirib chiqarishi mumkin.

Manba: xras.ruManba: xras.ru

Qozog‘istondagi Ionosfera instituti e’lon qilgan geomagnit bo‘roni prognozida ham aholi hafta davomida salomatlikka umuman xavf tug‘dirmaydigan “yashil” daraja, chorshanba va shanba kunlari esa “sariq” darajadagi qo‘zg‘alishlar bilan to‘qnash kelishi qayd etilgan.

Hozir dunyoda magnit bo‘ronlarini ikki kundan ortiq davr uchun ishonchli prognoz qila oladigan vosita va usullar mavjud emas. Shu bois magnit bo‘ronlariga ta’sirchan kishilar o‘z rejalarini yaqin ikki kunlik magnit bo‘roni prognozi ma’lumotlariga tayanib tuzishi maqsadga muvofiq.

Manba: Ionos.kzManba: Ionos.kz

Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi

Shanba va yakshanba kunlari O‘zbekistonning katta qismida kutilayotgan yog‘in-sochinli ob-havo mayda dispers zarrachalari tarqalishiga imkon bermaydi. Ammo haftaning boshqa kunlari antitsiklonal jarayonlar bunday zarrachalarning tarqalishi uchun qulay muhitni yuzaga keltiradi. Respublikaning ko‘plab hududlarida antitsiklonal ta’sir natijasida Quyosh botishi va chiqishidan so‘ng, inversiya jarayoni fonida va havoda suv bug‘ining to‘yinishi, xiralik (tuman, g‘ubor hodisalari) ortidan, havoda biroz ifloslanishi yuzaga kelishi mumkin.

Xususan, ish kunlari poytaxt havosida ham mayda dispers zarrachalari bilan bog‘liq ifloslik biroz ko‘payishini taxmin qilish mumkin. Havoda mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish ortgan paytda qanday harakat qilish lozimligi borasida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tavsiyalar tayyorlagan.

Shunday qilib, 10−15-dekabrda ob-havo bo‘yicha eng qulay kun juma bo‘lib, iqlimiy o‘zgarishlarga moyil ko‘pchilik shu kuni o‘zini nisbatan yengil his qilishi kutilmoqda. Shuni ham qayd etish joizki, joriy hafta ob-havosi energetika tarmoqlari uchun yaxshigina sinov bo‘ladi.