O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha Pokiston va Tailand bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi.
“Ushbu protokol [bozorga kirish bo‘yicha muzokaralarni yakunlash to‘g‘risida] qardosh mamlakatni Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zolikka yanada yaqinlashtiradi”, — deb yozdi 7-dekabr kuni LinkedIn`da Pokistonning JSTdagi doimiy vakili Ali Sarfraz Husayn.
Tailandning JSTdagi vakili Pimchanok Pitfild ham O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishi to‘g‘risidagi protokolni imzolaganini ma’lum qildi.
“Biz O‘zbekistonning ko‘p tomonlama savdo tizimiga tezroq qo‘shilishini intiqlik bilan kutyapmiz va ishonamizki, JST oilasiga a’zolik O‘zbekistonga ko‘proq savdo va investitsiyalar olib keladi. Ikki tomonlama darajada bu mavjud savdo aloqalarini mustahkamlash va kelajakda xalqlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilishimizning tasdig‘idir”, — dedi u.
O‘tgan ikki oyda O‘zbekiston Filippin, Salvador, AQSh va Xitoy bilan ham muzokaralarni yakunlagandi.
Noyabr oyi boshida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Yevropa iqtisodiy kunlarida prezidentning JST bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov Toshkent Rossiya, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Shveysariya va boshqa davlatlar bilan muzokaralarni yakunlashi kerakligini ta’kidlagan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev avgust oyida tadbirkorlar bilan uchrashuvda O‘zbekistonning JSTga kirishi — chuqur o‘ylangan va uzoqni ko‘zlagan tanlov, qolaversa, islohotlarning ajralmas bir qismi, degandi. “Iqtisodiyotimizga oldinlari proteksiya qaysidir ma’noda kerak edi. Yana shu yo‘lda davom etsak, imkoniyatlarimiz cheklanib qoladi”, — deya qo‘shimcha qilgan u.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev may oyida O‘zbekiston 2026-yilda Kamerunda bo‘lib o‘tadigan 14-vazirlar konferensiyasigacha Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish niyatida ekanligini ma’lum qilgan edi.