“Ko‘prikqurilish” aksiyadorlik jamiyati raisi Zafar Maxamatov “O‘zbekiston 24” telekanalining “Menimcha” ko‘rsatuviga bergan intervyusida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi temiryo‘l qurilishi haqida gapirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Toshkent viloyatidagi “Xo‘jakent” vokzalidan “Chinor” bekatiga qadar 1,4 kilometr uzunlikdagi temiryo‘l qurilmoqda. Uning murakkab tomoni — u yerda 400 metrlik temiryo‘l ko‘prigi qurilmoqda. Kompaniya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yo‘l o‘tkazgichning uzunligi 390,3 metr, kengligi esa 5,6 metrni tashkil qiladi.

“Uning murakkabligi shundaki, respublikamizdagi ko‘priksozlikda bunday geologik o‘lchovdagi ko‘prikni birinchi marta qurdik. Ko‘priksozlarimiz buning uddasidan chiqqan holda poydevor ishlarini to‘liq tugatib, bugungi kunda to‘sinlarni montaj qilish ishlari davom etmoqda. Bizga prezidentimiz bu ishlarni tez kunlarda tugatib, yil oxiriga qadar temiryo‘lni „Chinor“ to‘xtash punktigacha tugatish vazifasini yukladilar”, — dedi u.

Temiryo‘l ko‘prigi qachon ochiladi, degan savolga Zafar Maxamatov yil oxirigacha ishga tushirilishini aytdi. “Bu xalqimiz uchun Yangi yil sovg‘asi bo‘ladi”, — dedi u.

Ko‘prikdagi qurilish-montaj ishlari jarayoni, 2024-yil 2-dekabrda e’lon qilingan fotosuratlar.

Kompaniyaning qo‘shimcha qilishicha, temiryo‘l ko‘prigi qurilishi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 28-iyundagi 415-son buyrug‘i asosida 13-otryad quruvchilari tomonidan amalga oshirmoqda.