Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 11-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda o‘zbekistonliklarga o‘ziga kredit ajratilishini taqiqlash huquqini beruvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda konseptual ma’qulladi, deb xabar qildi parlament quyi palatasi matbuot xizmati.
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”gi qonunga aholini kreditlash, ularning nomiga kreditlar berish va ushbu kredit mablag‘larini masofadan turib o‘g‘irlash sohasidagi firibgarlik jinoyatlaridan himoya qilish maqsadida o‘zgartishlar kiritish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday o‘g‘irlik holatlari, asosan, onlayn kreditlar bilan ko‘payib bormoqda. “Gazeta.uz”ning aniqlashicha, 2023-yilda 2790 nafar fuqaroning nomiga o‘zlari bilmagan holda 19 milliard so‘m, joriy yilning sakkiz oyida esa 874 nafar jismoniy shaxs zarar ko‘rgan, ularga 36,6 milliard so‘m miqdorida kreditlar ajratilgan.
Hujjatga ko‘ra, kredit olish uchun ariza berishni ixtiyoriy ravishda rad etish mexanizmini joriy etish rejalashtirilmoqda. Shu munosabat bilan kredit bitimlarini tuzish taqiqlangan shaxslar reyestrini yaratish ko‘zda tutilgan.
Ya’ni jismoniy shaxs bunday operatsiyalar bilan bog‘liq firibgarlik harakatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida kredit byurosiga o‘z nomidan kredit shartnomasini uning ishtirokisiz yoki xabardorligisiz amalga oshirishni taqiqlash to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Ushbu xizmat kredit olish yoki mijozning pul mablag‘lari bilan operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatini cheklash uchun mo‘ljallangan.
Kredit shartnomasini tuzishni taqiqlash yoki ushbu taqiqni bekor qilish to‘g‘risidagi ariza Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP, my.gov.uz) orqali elektron shaklda, davlat xizmatlari markazlari yoki kredit byurolari orqali yozma yoki elektron shaklda taqdim etiladi.
Kredit shartnomasini tuzishni taqiqlash yoki taqiqni bekor qilish ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi. Bundan tashqari, ushbu xizmatlar Vazirlar mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda pullik asosda ko‘rsatiladi.
Reyestrni yuritish kredit byurolari zimmasiga yuklanadi, banklar va nobank kredit tashkilotlariga reyestrni tekshirmasdan mijozlar bilan bitimlar tuzish taqiqlanadi. Ya’ni potensial qarz oluvchiga kredit berishdan oldin, moliya institutlari, birinchi navbatda, mavjud cheklovlarni tekshirishlari va shundan keyingina kredit berish to‘g‘risida qaror qabul qilishlari kerak. Agar bunday shartnoma jismoniy shaxsning xabardorligisiz tuzilgan bo‘lsa, kredit shartnomasi bo‘yicha huquqiy oqibatlar uchun banklar, nobank kredit tashkilotlari yoki mikromoliya tashkilotlari javobgar bo‘ladi.
Hujjatda Markaziy bank kredit byurolariga nisbatan qo‘llashi mumkin bo‘lgan sanksiya va choralar ham bayon etilgan. Huquqbuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida majburiy farmoyishlar yuborish va 5000 tagacha (1,875 milliard so‘mgacha) miqdorda jarima solish shular jumlasidan.
Kredit byurolarining ustav kapitali kamida 2 milliard so‘m. Bugungi kunda O‘zbekistonda 2 ta kredit byurosi faoliyat ko‘rsatmoqda. Kredit-axborot tahliliy markazi’ning ustav kapitali 12,8 milliard so‘m bo‘lib, uning ulushi 26 ta tijorat banklari va O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasiga tegishli. “CRIF kredit axborot xizmatlari” 6 ta bank aksiyalari bilan 23,8 milliard so‘m ko‘rsatkichga ega.
Qonun loyihasini ishlab chiqishda AQSh, Qozog‘iston, Rossiya, Singapur tajribasi o‘rganildi. Bank xizmatlarini raqamlashtirish kredit olish imkoniyatini soddalashtiradi, biroq ayni paytda o‘g‘irlik xavfini tug‘diradi, shu sababli xorijiy mamlakatlarda kreditlar bo‘yicha o‘z-o‘zini taqiqlash joriy etilmoqda, dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.
Qonun loyihasi konseptual jihatdan deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Rossiyada o‘ziga kreditni taqiqlash joriy yilning fevral oyida kuchga kirdi. Bu mijozning iltimosiga ko‘ra bankning onlayn tranzaksiyalarga qo‘yadigan cheklovini anglatadi. Kredit berishni ham, boshqa bank operatsiyalarini ham alohida-alohida taqiqlash yoki ularning individual parametrlarini cheklash mumkin — masalan, bitta o‘tkazma yoki bir nechta o‘tkazmalar uchun maksimal miqdorni belgilash mumkin, lekin ma’lum vaqt uchun.
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekistonda 1-noyabrdan 2025-yilning 1-apreliga qadar fuqarolar nomiga kreditlar berilib, so‘ngra p2p tranzaksiyalari orqali kartalardan pul mablag‘lari yechib olinadigan firibgarlik holatlarining oldini olish maqsadida onlayn kreditlar berishda ayrim cheklovlar joriy etilgan.