Qandolat mahsulotlari, alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilarga mahsulot ishlab chiqarish uchun xomashyo olib kirishda yengillik beriladi. Bu haqda 10-dekabr kuni oziq-ovqat sanoatidagi ishlar va 2025-yilga mo‘ljallangan rejalar bilan tanishgan prezident bilan uchrashuvda so‘z bordi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovning “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, bugungi kunda mamlakatda 962 korxona faoliyat yuritib, ularda 189 ming tonna qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Keyingi yillarda mazkur mahsulotlar eksporti to‘rt barobar oshib, 13 million dollarga yetgan.
Xomashyo, qadoqlash va etiketkalash mahsulotlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib kelinib, tannarx 20 foizga kamaygani tufayli raqobatdoshlik ancha oshgan, deyiladi davlat rahbari matbuot xizmati xabarida.
Savdo-sanoat palatasi rahbari mazkur yo‘nalish tadbirkorlari 2022-yilda Indoneziya va Malayziyadan palma va kokos yog‘i hamda O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan boshqa xomashyo importini bojdan ozod qilishni so‘raganini ta’kidladi.
O‘shanda prezident ushbu imtiyozlar berilishini tasdiqlagandi, ular 2025-yil 1-yanvarda tugaydi. Shavkat Mirziyoyev ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozlarni yana ikki yilga uzaytirish taklifini ma’qulladi.
Shuningdek, O‘zbekistonda salqin va alkogolsiz ichimliklar, meva-sabzavotlardan tabiiy sharbatlar ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Oxirgi besh yilda ularning eksporti to‘qqiz barobar oshib, 35 million dollarga yetdi. Biroq tropik mevalar va apelsin sharbati konsentratlarini (5−10%) import qilish bo‘yicha joriy bojlar tufayli mahsulotlar raqobatbardoshligi bo‘yicha boshqa mamlakatlar tovarlariga nisbatan past.
Shu munosabat bilan import qilinadigan tropik meva konsentratlarini bojxona to‘lovlaridan ozod qilish taklif etildi.