O‘zbekistonda 2022-yilning sentabr — dekabr oylarida Hindistoning Marion Biotech korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dorilaridan bolalarning ommaviy zaharlanishi kuzatilgan edi. Mazkur holat yuzasidan yarim yildan ortiq vaqt davom etgan sud jarayonida dorilar ta’sirida rasman 68 nafar bola vafot etgani va 18 nafar bola nogiron bo‘lib qolgani ma’lum qilingandi.
Sud ishi davom etayotgan paytda OAVda farzandining “Dok-1 Maks” ishi jabrlanuvchilari ro‘yxatiga qo‘shilmay qolganini aytgan ota-onalarning murojaatlari chiqib turdi. Birinchi instansiya sudini ko‘rib chiqqan sudya Muso Yusupov hukm e’lon qilgan kun — 26-fevralda OAV bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jabrlanuvchilar holati bo‘yicha yana alohida jinoyat ishi mavjud ekani, tergov harakatlari olib borilayotgani, ular sudga alohida jinoyat ishi sifatida kiritilishini ma’lum qilgan edi.
2024-yilning 18-noyabrida jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida sudya Dilshod Komilov raisligida “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha keyinroq murojaat qilgan jabrlanuvchilar ishi bo‘yicha yarim yil davom etgan sud hukmi e’lon qilingan. “Gazeta.uz” hukm bilan tanishib chiqdi.
Unga ko‘ra, 2020-yil 14-oktabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan Shahram Abatbayev, 2016-yil 22-avgustda Jizzax viloyatida tug‘ilgan Muslima Ziyoboyeva, 2018-yil 30-sentabrda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan Mansur Kemamov “Dok-1 Maks” dori vositasidan; 2020-yil 21-noyabrda Xorazm viloyatida tug‘ilgan Sarvarbek Жuмaнaзaров, 2022-yil 15-yanvarda Xorazm viloyatida tug‘ilgan Muhammadali Oybekov “Ambronol” dori vositasidan hayoti uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari olgan.
Sud sudlanuvchilar Ragvendra Pratap Singh, Nuriya Mirzaahmedova, Sardor Kariyev, Amirxon Azimov, Nodirbek Musayev, Shoyusup Shodmonov va Jahongir Erkiniydan solidar tartibda jabrlanuvchilarning har biriga 1 mlrd so‘mdan, jami 5 mlrd so‘m ma’naviy zarar undirilishini belgilagan.
Ish bo‘yicha sudlanuvchi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi sobiq direktori Sardor Kariyevning uyidan 2024-yilning 12-aprelidagi tintuv jarayonida olingan 10 ming dollar miqdoridagi pul mablag‘lari hukm qonuniy kuchga kirgach, besh nafar jabrlanuvchining qonuniy vakillari foydasiga teng miqdorda (ya'ni 2 ming dollardan) to‘lab berilishi qayd etilgan.
Qolaversa, sud “Dok-1 Maks"ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudining 23 nafar sudlanuvchiga nisbatan tayinlagan jazolarini o‘zgarishsiz qoldirgan. Faqat sudlanuvchilar ro‘yxatiga yana kishi qo‘shilganini ko‘rish mumkin. Ularning biri “Geeta Pharma” kompaniyasi direktori, Pokiston fuqarosi Sarvar Nosir Siddiqiy bo‘lsa, ikkinchisi “Supreme Pharmatech” kompaniyasi rahbari Saidmuxtor Fayzullayev. Ular hujjatlarni qalbakilashtirish va pora berishda aybli, deb topilgan.
Sarvar Nosir Siddiqiyga bazaviy hisoblash miqdorining 393,5 baravari (ya'ni 133 mln 790 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi belgilanib, jarima to‘langach, uning O‘zbekistondan deportatsiya qilinishi belgilangan. Saidmuxtor Fayzullayevga esa uzil-kesil o‘tash uchun to‘rt yilu bir oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Quyida jabrlanuvchilar qatoriga qo‘shilgan besh kishining — sud tergovi davomida ularning qonuniy vakillari tomonidan berilgan ko‘rsatmalari asosida — kasallik tarixi keltiriladi.
Jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari
Jabrlanuvchi Muslima Зиёбоевaniнг otasi I.Azimov ko‘rsatmasi bayoni
Muslima Ziyoboyeva 2016-yil 22-avgustda Jizzax viloyatida tug‘ilgan.
2022-yil dekabr oyida Muslimaning tomog‘i og‘rib qoladi. Otasi shifokorga olib boradi, shifokor yozib bergan ko‘rsatmalar asosida onasi “Dok-1 Maks” siropini 1 kunda 3 mahal bir qoshiqdan (dorining qoshig‘ida) ichiradi.
Shundan keyin qizchaning buyragi ishlamay qoladi. Ertalab peshob chiqarmay qo‘ygandan so‘ng yana shifoxonaga olib borishadi. Do‘xtirlar uni tekshirib, Toshkentdagi Bolalar milliy tibbiyot markaziga yuboradi.
Muslima Jizzaxdan Toshkentga tez tibbiy yordam avtomashinasida olib ketilayotgan paytda yo‘lda komaga tushadi va 7 kun deganda komadan chiqadi. Qizcha bir muddat Bolalar milliy tibbiyot markazida davolanadi.
Hozir 8 yoshli Muslima 1-guruh nogironi — o‘rnidan turolmaydi, yurolmaydi, gapirolmaydi. Uning davolanishiga har oy 10 mln so‘mdan ko‘proq pul sarflanadi, 2024-yil noyabrigacha umumiy davolanish xarajatlari 1 mlrd so‘mga yetgan.
Muslimaning otasi suddan qizining davolanishi uchun sarflangan pullarni sudlanuvchilardan undirib berishni so‘ragan.
Jabrlanuvchi Sarvarbek Jumanazarovning onasi S. Jumaniyozovaning ko‘rsatmasi bayoni
Sarvarbek Jumanazarov 2020-yil 21-noyabrda Xorazm viloyatida tug‘ilgan.
2022-yil noyabr oyi oxirida Sarvarbekning issig‘i chiqadi. Onasi shifokorga olib borganda, shifokor “Ambronol” siropini yozib beradi. Noyabr oxiri — dekabr boshlarida Sarvarbek shu siropdan ichadi. Har gal dori qabul qilganda bolaning ahvoli yomonlashaveradi.
Onasi bu ahvolni shifokorga ma’lum qilganida, u dorini ichiraverish kerakligini aytadi. Bolaning peshobi chiqmay, ahvoli yanada og‘irlashadi. Urganchda ultratovush tekshiruvi (UZI)dan o‘tkazishganda, Sarvarbekning buyragi ishlamayotgani ma’lum bo‘ladi va u shu kuni komaga tushadi.
Bolaning bosh miyasida suyuqlik bor, deb tashxis qo‘yilgach, butun oila Toshkentga uchib keladi. Yangi ToshMIdagi tekshiruvlarda Sarvarbekning miyasi ishlamayotgani, ko‘zi ko‘rmay qolgani ma’lum bo‘ladi.
Onasi sudda ko‘rsatma berarkan, Sarvarbek hozir ham bir ahvolda kasal bo‘lib yotganini ma’lum qilgan hamda suddan farzandining davolab berilishini yoki kelajakda davolanib, sog‘ayishi uchun sarflanadigan pullarni undirib berilishini so‘ragan.
Jabrlanuvchi Muhammadali Oybekovning otasi O.Kozokovning ko‘rsatmasi bayoni.
Muhammadali Oybekov 2022-yil 15-yanvarda Xorazm viloyatida tug‘ilgan.
8 oylik Muhammadali 2022-yil dekabr oyida shamollab qoladi. Patronaj hamshirasi yozib bergani bo‘yicha unga “Sinepar” va “Ambronol” dorilari ichiriladi. Otasining ma’lum qilishicha, doridan (aynan qaysi biridan ekani aytilmagan — tahr.) bolaning onasi ham ichgan. Sut orqali dori onadan bolaga o‘tgan.
Ammo bola sog‘ayish o‘rniga, issig‘i chiqib, ko‘ngli ayniy boshlaydi. Shundan so‘ng bola tez yordam mashinasida Shovot tumaniga olib boriladi, u yerdagi shifokor esa Xivaga olib borish kerakligini aytadi. Xivadagi uch kunlik davolanishdan so‘ng bola komaga tushib qoladi.
Keyinchalik, bolaning ahvoli biroz yaxshilanib, jonlantirish bo‘limiga o‘tkaziladi. Ammo samolyotda Toshkentga olib kelinayotganida yana komaga tushadi. Muhammadali bir muddat poytaxtda nervologiya bo‘limida (qaysi shifoxona ekani aytilmagan — tahr.) yotib davolangach, Xorazmga qaytadi.
Shundan beri Muhammadalining ko‘zi ko‘rmaydi, gapirolmaydi, ammo harakatlanishi, ovqatlanishi joyida. O‘tgan vaqt ichida bolaning davolanishi uchun 200−300 mln so‘m atrofida pul sarflagan.
Otasi suddan farzandi davolab berilishini va unga dori yozib bergan patronaj hamshirasiga ham qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Jabrlanuvchi Mansur Kemamovning otasi Safarali Mansurovning ko‘rsatmasi bayoni
“Gazeta.uz” 2024-yil yanvar oyida Mansur Kemamovning “Dok-1 Maks” jabrlanuvchilari ro‘yxatiga kirmayotgani bo‘yicha ota-onasining murojaatini e’lon qilgandi.
Mansur Kemamov 2018-yil 30-sentabrda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan.
2022-yil kuzida Mansurning ota-onasi paxta terimiga chiqadi, noyabrda esa Mansur shamollab qoladi. Uni shifoxonaga olib borish imkoni bo‘lmaydi — dorixona sotuvchisining tavsiyasiga ko‘ra, bolaga “Dok-1 Maks” siropini bir hafta ichirishadi. Bolaning kundan-kun mazasi bo‘lmay, issig‘i chiqib, qayt qila boshlaydi. Peshobi chiqmagandan so‘ng kasalxonaga olib borishadi. Shifokorlar uni ko‘rib, kasalxonada yotib davolanishi shart emas, deb uyiga javob beradi.
Ammo Mansurning ahvoli og‘irlashavergach, ota-onasi kasalxonaga yotqizadi. Tahlillar olinadi, osma ukollar qilinadi. Bola ertalab yuzlari shishgan holatda uyg‘onadi. Uni Gulistondagi shifoxonaga olib borib, tahlillar topshirishganida, bolaning ikkala buyragi ham ishlamayotgani ma’lum bo‘ladi. Dializ qilish boshlanadi.
Dializning 18-kunida Mansur peshob chiqara boshlaydi. Shifokorlar peshobi to‘liq chiqadigan bo‘lishi va tuzalishini kutish kerakligini aytadi. Shifoxonada yana 5−6 bola o‘g‘liniki kabi belgilar bilan kasal bo‘lib yotganini ko‘rgan Safarali aka bu qanday kasallik ekani haqida do‘xtirlardan so‘raganida, tayinli javob ololmaydi.
Taxminan shu vaqtda Samarqandda “Dok-1 Maks” ichgan bolalar zaharlangani, hatto bir necha nafari vafot etgani haqida eshitib qoladi…
Mansurning davolanishiga shu vaqtgacha 500 mln so‘m sarflangan. Otasi sudda bergan ko‘rsatmasida farzandini davolash uchun uyini sotgani, katta miqdorda qarz ham olganini aytib o‘tgan.
Jabrlanuvchi Shahram Abatbayevning onasi Q.Zarliqova ko‘rsatmasi bayoni
Shahram Abatbayev 2020-yil 14-oktabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan. Uning egizagi ham bor.
2021-yili Shahramning churrasini oldirishgan. 2022-yili bola shamollab qoladi. Onasi dorixonaga borib, “Ambronol” siropini so‘raydi. Dorixona sotuvchisi esa “Dok-1 Maks"ni tavsiya qiladi.
Bola “Dok-1 Maks"ni ichganida qayt qila boshlaydi. Onasi shifokorga olib borganida, shifokor bola “otravleniya” bo‘lganini aytadi. Ona-bola uyga qaytadi.
Shundan so‘ng bola holsizlanib, siymay qo‘yadi, isitmasi ko‘tarilib ketadi. Nukusdagi shifoxonaga olib borilganida, ikkala buyragi ham ishlamay qolgani ma’lum bo‘ladi. Shifokorlar “bolaning qonini tozalaymiz” deb, dializ muolajasi qiladi.
Shahram Abatbayevning onasi suddagi ko‘rsatmasida farzandi 2022-yil 10-oktabridan buyon — kasalxonaga yotqizilganidan beri gapirolmasligi, ko‘zlari ko‘rmasligi, yotib qolgani, o‘zini anglolmasligi, davolanishiga 500 mln so‘m pul sarflaganini ma’lum qilgan.